O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi hamda Turkiya Raqobat organi (the Turkish Competition Authority) hamkorligida “Raqamli platformalarni raqobat qonunchiligiga muvofiq tartibga solish” mavzusiga bag‘ishlangan seminar tashkil etildi.
Seminarda Qo‘mita raisi o‘rinbosari Farruh Karabayev so‘zga chiqib raqamli bozorlarni tartibga solish sohasida xalqaro tajribani o‘rganish va zamonaviy mexanizmlarni joriy etishning muhimligini ta’kidladi. Shuningdek, u raqamli platformalar bugungi kunda nafaqat iqtisodiyotda, balki jamiyat hayotida ham muhim o‘rin tutishini qayd etib, ularni adolatli va raqobatbardosh muhitda rivojlantirish uchun ishonchli huquqiy asos zarurligini alohida e’tirof etdi.
Turkiya Raqobat organi vitse-prezidenti Janob Jengiz Cholak o‘z nutqida O‘zbekiston bilan samarali hamkorlikdan mamnunligini bildirib, raqamli bozorlarni tartibga solishda o‘zaro tajriba almashishning dolzarbligini qayd etdi.
Turkiya mutaxassislari raqobatga zid xatti-harakatlarni aniqlash uslublari – algoritmlar tahlili, ma’lumotlarga kirish va raqamli ustunliklarni baholash bo‘yicha tajribalari bilan o‘rtoqlashdilar.
Ushbu tadbir davomida:
🔘raqamli platformalarning raqobat qonunchiligidagi o‘rni;
🔘Turkiya tajribasini milliy tizimga tatbiq etish yo‘llari;
🔘O‘zbekistonda raqobat muhitini yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Seminar yakunida ishtirokchilar ochiq muloqot va savol-javob shaklida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar