Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi va uning hududiy organlari tomonidan 2023-yil I choragi davomida tovar-xom ashyo birjalarida narxlarni nazorat qilish sohasida amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha MA’LUMOT
Qo‘mitaning Tovar-xom ashyo birjalari va iste’mol bozorlarida narxlarni nazorat qilish boshqarmasi tomonidan yuqori likvidli va monopol turdagi mahsulotlarni tasdiqlangan grafiklar asosida belgilangan hajm va muddatlarda birja savdolariga qo‘yib borilishi yuzasidan monitoring tartibda doimiy nazorat o‘rnatilgan bo‘lib, jumladan, O‘zbekiston Respublikasining “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonuni, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 8-oktabrdagi PQ-4484-sonli hamda 2021-yil 17-martdagi PQ-5031-sonli qarorlari, shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 18-martdagi 170-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizom talablari asosida birja savdolarida yuqori likvidli va monopol turdagi mahsulotlar realizatsiyasi holati bo‘yicha o‘rganish va tahlillar o‘tkazib kelinmoqda.
Jumladan, yuqori likvidli va monopol turdagi mahsulotlar ishlab chiqaruvchi Respublikadagi 500 tadan ortiq korxonalar tomonidan 51 turdagi yuqori likvidli va monopol mahsulotlar, xom ashyo va materiallarni belgilangan grafiklar asosida birja savdolariga qo‘yilishi yuzasidan hududiy boshqarmalar bilan birgalikda doimiy monitoring ishlari olib borilmoqda.
2023-yil yanvar-mart oylarida Respublika tovar-xom ashyo birjasida yuqori likvidli va boshqa monopol turdagi mahsulotlar realizatsiyasi holati tahlil qilinib, mazkur davrda umumiy hajmi 24 trln so‘m qiymatdagi bitimlar amalga oshirilganligi, mazkur ko‘rsatgich 2022-yil (21 trln so‘m) mos davriga nisbatan 16 foizga oshganligi kuzatildi.
Xususan, joriy yil I chorak davomida mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan 296 ming tonna un va 321 ming tonna bug‘doy mahsulotlari ochiq birja savdolari orqali barcha tadbirkorlik subyektlariga erkin sotildi. Mazkur davrda birjada un mahsulotining o‘rtacha sotilish narxi bir tonnasi uchun 4 686,0 ming so‘mni hamda bug‘doyning o‘rtacha sotilish narxi bir tonnasi uchun 3 523,0 ming so‘mni tashkil qildi.
Ochiq birja savdolarida un va bug‘doy bozorlarida taklifining yetarli darajada bo‘lganligi ularning narxlarini barqaror saqlanishiga o‘z ijobiy ta’sirini ko‘rsatgan.
Shu kabi joriy yil yanvar-mart oylarida birja savdolaridagi realizatsiyasi tahlil qilinganda avtomobil benzini, sement va shu kabi yuqori likvidli va monopol turdagi tovarlarning narxlari barqarorligi saqlanganligi kuzatilmoqda.
Ta’kidlash joizki, Birja savdo operatsiyalarini yanada kengaytirish, tovar-xom ashyo birjalari va ularning professional ishtirokchilari faoliyatini tartibga solishni takomillashtirish, tovar derivativlari, shu jumladan fyuchers savdolarini tashkil etishning zamonaviy mexanizmlarini amaliyotga keng joriy etish, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-yanvardagi
PF-60-son Farmoni bilan tasdiqlangan 2022 — 2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 24-noyabrdagi PQ-430-sonli qarori hamda Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 30-noyabrdagi 687-sonli qarori qabul qilingan.
Yuqoridagi normativ huquqiy hujjatlar bilan Tovar-xom ashyo birjalarida tovar derivativlari, shu jumladan, fyuchers savdolari bilan shug‘ullanadigan brokerlik idoralarini akkreditatsiyadan o‘tkazish hamda birja a’zolariga malaka talablarini belgilash to‘g‘risidagi va Tovar-xom ashyo birjalarining elektron savdo tizimlariga qo‘yiladigan umumiy talablar to‘g‘risidagi Nizomlar tasdiqlandi. Shuningdek, birja savdolarida narxlar manipulyatsiyasi, ichki (insayderlik) ma’lumotlardan foydalanish va asossiz daromad olishning raqobatga zid boshqa usullaridan foydalanishning oldini olish qoidalari belgilandi.
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi tomonidan birja savdolarida realizatsiya qilinadigan yuqori likvidli va monopol turdagi mahsulotlar kunlik monitoring hamda nazorat qilib borilishi ma’lum qilinadi.