Toshkentda Shanxay hamkorlik tashkilotiga (ShHT) a’zo davlatlarning sanoat vazirlari yig‘ilishi doirasida Pokiston Islom Respublikasining sanoat va ishlab chiqarish vaziri Syed Murtaza Mahmud amaliy tashrif bilan Toshkentda bo’ldi.
Tashrifning birinchi kuni, ya’ni 14-iyulda vazir Syed Murtaza Mahmud Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi Sharaxmetov Shaxrux hamrohligida respublikaning bir qator yirik sanoat korxonalariga tashrif buyurdi.
Jumladan, vazir boshchiligidagi delegatsiya Toshkent shahridagi “Fonon” AJ tayyor zargarlik buyumlari ishlab chiqariladigan zavodi, «UzAuto Motors Powertrain» AJ motor zavodi hamda Texnopark sanoat majmuasida bo‘lib, ushbu korxonalarda olib borilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi.
Pokiston delegatsiyasi “Fonon” AJ da zargarlik buyumlari tayyorlanishi jarayonlari bilan yaqindan tanishib, amalga oshirilayotgan ishlarga yuksak baho berib, zargarlik buyumlarini tayyorlashda Pokistondan qimmatbaho va yarim qimmatbaho toshlarni yetkazib berilishida hamda ushbu sohada kadrlar tayyorlanishida hamkorlikka tayyor ekanligini ma’lum qildi.
Shuningdek, kunning ikkinchi yarmida rasmiy delegatsiya «UzAuto Motors Power train» AJ motor zavodida bo‘lib, zavod xodimlari tomonidan avtomobil dvigatellari va uning asosiy qismlari hamda qishloq xo‘jaligi ishlari uchun mo‘ljallangan transport vositalari ishlab chiqarilishini mahalliylashtirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar bilan tanishtirildi.
Shu bilan birga, Pokiston tomoniga respublika hududida avtomobil klasteri tashkil etilgani haqida ma’lumot berildi. Shu nuqtai nazardan, qishloq xo‘jaligi texnikasi ishlab chiqarish sohasida ikki tomonlama hamkorlikni yo‘lga qo‘yish imkoniyatlarini ko‘rib chiqish taklif etildi.
Delegatsiya kun tartibida belgilangan keyingi manzil IT-park sanoat majmuasida bo‘lib, ushbu hududda ishga tushirilgan bir qator loyihalar bilan tanishdi.
Bundan tashqari, vazir boshchiligidagi rasmiy delegatsiya O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari — O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri, Qo‘chqorov Jamshid Anvarovich bilan uchrashdi. Shuningdek, ushbu bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi Sharaxmetov Shaxrux Shaturgunovich ishtirok etdi.
Uchrashuvda, Pokiston Islom Respublikasining sanoat va ishlab chiqrish vaziri Syed Murtaza Mahmud yurtimizda ishlab chiqarish, savdo hamda sanoat sohalarida olib borilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishishganligi va katta taassurotlarga ega bo‘lganligi, shuningdek, istiqbolda yuqorida qayd etilgan sohalarda amaliy hamkorlikka tayyor ekanligini bildirdi.