Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi Xorazm viloyati hududiy boshqarmasiga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ishonch telefoni orqali joriy yilning fevral oyida Xorazm viloyatida istiqomat qiluvchi fuqarodan murojaat kelib tushdi.
Murojaatda fuqaro turmush o‘rtog‘i bilan birga “eco” tibbiy muolajasi xizmatlarini amalga oshirish uchun “I.H.” MChJga jami 28 500 000 so‘m to‘lovni amalga oshirganligi ammo ma’lum sabablarga ko‘ra muolajani tugata olmaganligi sababli ushbu to‘langan pul mablag‘ining foydalanilmagan qismini qaytarib berilishini so‘rab jamiyatga ariza berishiga qaramasdan pul mablag‘i qaytarib berilmayotganligidan norozi bo‘lib, ushbu masala yuzasidan amaliy yordam berilishini so‘rab murojaat qilgan.
Ushbu murojaatda qayd qilingan holatlarga oydinlik va aniqlik kiritish maqsadida, hududiy boshqarma tomonidan o‘rganish ishlari olib borildi.
O‘tkazilgan o‘rganish natijalariga ko‘ra, haqiqatda ham fuqaro tomonidan jamiyatga ko‘rsatilmagan xizmat uchun to‘langan mablag‘ qaytarilishi so‘ralib ariza berilganligi aniqlandi.
O‘zbekiston Respublikasining “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunining 19-moddasiga asosan, ijrochi ayrim turdagi ishlarni bajarish (xizmatlar ko‘rsatish) qoidalarida yoki shartnomada belgilangan muddatda, hajmda va sifatda ishni bajarishi (xizmat ko‘rsatishi) shartligi qayd etilgan.
Shuningdek, ushbu Qonunning 21-moddasi, 2-qismida sotuvchi (ijrochi) iste’molchini haq evaziga qo‘shimcha tovarlar sotib olishga yoki qo‘shimcha xizmatlardan foydalanishga qistashga, shuningdek, ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun haq olishga haqli emasligi belgilangan.
Murojaat bo‘yicha hududiy boshqarma xodimlari tomonidan tadbirkorga yuqoridagi Qonun talablari yuzasidan tushuntirish ishlari olib borilishi natijasida, iste’molchi tomonidan to‘langan pul mablag‘ining aynan foydalanilmagan qismi 4 000 000 so‘m pul mablag‘i fuqaroning xohishiga ko‘ra, “I.H.” MChJ tomonidan qaytarib berilishi ta’minlanib, fuqaroning iste’molchi sifatidagi huquq va manfaatlari himoya qilindi.