Namangan viloyati, Chust tumani, Birlik MFYda yashovchi fuqaro Eshmatova Yelena “Chust Avtotexxizmat-N” MCHJ dan 2022-yil 23-fevral kuni Chevrolet Equinox rusumli avtomobilni 3 yil kafolati bilan shartnomaga asosan sotib olgan. Oradan 1 yil vaqt oʻtmay mashinaning motor qismi nosoz holga kelgan. Joriy yil 14-yanvar kuni isteʼmolchi oʻz avtomashinasini Chust tumanida joylashgan Chevrolet servisga koʻrikdan oʻtkazishga topshirgan. Avtomobilga kafolat muddati davomida sifatli AI-95 markali benzin quyilgan boʻlib, 26 000 km yurganda motor nosoz holga kelgan. Bundan tashqari mashinaning holati boʻyicha Petro test Avto ilmiy sinov laboratoriyasining 2023-yil 13-fevraldagi 12-23/NIR-sonli sinov protokoli mavjud. Isteʼmolchi “Chust Avtotexxizmat-N” MCHJga mazkur holat boʻyicha murojaat qilgan va avtomashinani almashtirib berilishini soʻragan. Oradan 3 oy vaqt oʻtishiga qaramay isteʼmolchiga mashina almashtirib berilmagan.
Isteʼmolchi Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasining Namangan viloyat hududiy boshqarmasiga murojaat qilgan. Oʻzbekiston Respublikasining “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonunning 25-moddasiga asosan hududiy boshqarma tomonidan “Uzavtosanoat” AK, “Uzauto motors” AK va “Chust-Avtotexxizmat-N” MCHJ dan fuqaro tomonidan sotib olingan avtomobilni kafolat muddati davomida nosozlik holati aniqlanganligi sababli hamda Qonunning 13-moddasida isteʼmolchiga nuqsonli tovar sotilganda isteʼmolchi, agar bu hol shartnoma tuzish paytida aytib oʻtilmagan boʻlsa, oʻz xohishiga qarab quyidagilardan birini talab qilishga haqli, yaʼni:
-tovarni ayni shunday markali (modelli, artikulli) maqbul sifatli tovarga almashtirib berish koʻrsatib oʻtilganligini bildirib, tegishli tushunchalar berilishini soʻradi.
Isteʼmolchiga “Chust-Avtotexxizmat-N” MCHJ tomonidan 450,0 mln soʻmga sotib olingan Equinox avtomashinasi murojaatiga asosan, Qoʻmita aralashuvi bilan yangisiga almashtirib berildi.