O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi Abror Zohidovning ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida 2024-yil 25-iyun kuni telekanallarda joylashtirilgan “O‘o‘o‘o‘v birodarlar, ayting! «Erkakdek xushbo‘ylanish» nima degani?” mavzuida erkaklar uchun sprey (dezodorant) reklama mazmuniga oid e’tirozi yuzasidan quyidagilarni ma’lum qiladi.
O‘zbekiston Respublikasi “Reklama to‘g‘risida”gi Qonunining 16-moddasiga muvofiq, reklamada – jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqeyiga qarab, boshqa holatlarga ko‘ra kamsitish yoki o‘zga shaxslarning tovarlarini badnom qilish;
milliy va oilaviy an’analarga, shuningdek axloq va ma’naviyatning umum qabul qilingan normalariga zid bo‘lgan shakllar, iboralar va obrazlardan foydalanishtaqiqlanadi.
Hozirda, telekanallar orqali ushbu erkaklar uchun sprey (dezodorant) reklama namoyishi to‘xtatildi. Shuningdek, mas’ul xodimlar o‘rtasida qonunchilik talablariga rioya etish yuzasidan qo‘shimcha tushuntirish ishlari olib borilgan.
Bundan tashqari, telekanallar huzurida Badiiy kengashlar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, ushbu Badiiy kengashlarning asosiy vazifalaridan biri, efir uchun tayyorlangan media (reklama) mahsulotlarining reklama va boshqa qonunchilik talablariga muvofiqligi yuzasidan ekspertizadan o‘tkazish hamda ushbu roliklarni efirga joylashtirish uchun tavsiyalar berish hisoblanadi.