Raqobat qo‘mitasi huzuridagi «Raqamli transformatsiya va autsorsing markazi» DUK tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Surxondaryo, Qashqadaryo, Namangan, Andijon, Farg‘ona, Sirdaryo, Jizzax, Navoiy va Samarqand viloyatlarida o‘quv seminarlari tashkil etildi.
Hududlarda bo‘lib o‘tgan tadbirlarda hokimliklar va sohaga aloqador tashkilot hamda tadbirkorlik subyektlari uchun “Tashqi reklama” raqamli monitoring elektron tizimi imkoniyatlari,ulardan to‘laqonli foydalanish hamda reklama konstruksiyalarini qonuniylashtirish bo‘yicha tegishli tavsiyalar va ko‘rsatmalar berildi.
Misol uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasida o‘tkazilgan o‘quv seminarida mazkur markazning mutasaddi idora vakillari bilan hamkorlikda olib borgan o‘rganish va tahlil natijalari haqida ma’lumot berildi.
Xususan, tashqi reklama obyektlari uchun rasmiylashtirilgan jami 119 ta reklama joyining pasportlari xatolik bilan ya’ni 74 ta holatda reklama joyining manzili va konstruksiya o‘rnatilgan joy, 31ta holatda konstruksiya turi hamda 14 ta holatda o‘lchami va texnologiyalari noto‘g‘ri berilganligi aniqlangan.
Bundan tashqari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha jami 600 ga yaqin yangi o‘rnatiladigan tashqi reklama obyektlarining ochiq elektron auksion savdolariga chiqarish bo‘yicha belgilangan maqsadli ko‘rsatkichlari prognozi bo‘yicha ishlar amalga oshirilmagan. Xususan, ularni o‘rnatish chizmasi shakllantirilmagan va ochiq elektron auksion savdolariga chiqarilmagani ham ma’lum bo‘ldi.
Yuqorida nomlari keltirilgan hududlarda ham tashqi reklama va axborot obyektlari (konstruksiyalar)ning qonun hujjatlari talablariga muvofiqligi yuzasidan o‘tkazilgan monitoringlarda mingdan ortiq kamchiliklar bartaraf etildi, ko‘plab muammolar o‘z yechimini topdi. Ya’ni tashqi reklamani joylashtirish huquqini onlayn elektron savdolarga chiqarish, rasmiylashtirilgan reklama joyi pasportlaridagi xatoliklarni bartaraf etish bo‘yicha tegishli tavsiyalar berildi hamda «Tashqi reklama» raqamli elektron monitoring tizimidan to‘laqonli foydalanishi uchun reklama sohasida faoliyat ko‘rsatuvchilarga qo‘llanmalar tarqatildi.