Ijtimoiy tarmoq orqali “Shumanay tuman yo‘llardan foydalanish” DM (Buyurmachi) tomonidan boshlang‘ich narxi 343,8 mln. so‘mlik yuk tashish xizmati bo‘yicha o‘tkazilgan tanlovda manfaatlar to‘qnashuvi alomatlari bo‘lishi mumkinligi” bo‘yicha murojaat qoldirilgan.
Jumladan, katta ehtimol bilan tanlov g‘olibi va zaxira g‘olibi bitta “IP” manzilidan hujjatlarni taqdim etganligi, ishtirokchilar tartibsiz (asossiz) baholanganligi hamda tanlov g‘olibi va zaxira g‘olibi aksariyat hujjatlarni bir ko‘rinishda bo‘lgan blankalarda taqdim etganligi ko‘rsatilgan.
O‘rganish davomida Buyurtmachi tomonidan 2024 yil 11 sentyabr kuni “etender.uzex.uz” maxsus axborot portali orqali 386398-sonli lot raqami bilan o‘tkazilgan ushbu tanlovda 3 ta talabgorlar ya’ni, “MEGA-TRANS-2022” MCHJ (337,9 mln.so‘m), “KUNGRAD AVTO-ROAD” MCHJ (342,5 mln.so‘m) va “AMUDARYA CARGO TRANSPORTATION SERVICE” MCHJ (297,0 mln.so‘m) tomonidan taklif hujjatlari taqdim qilinganligi va “MEGA-TRANS-2022” MCHJ 337,9 mln.so‘mlik taklif narxi bilan tanlov g‘olibi deb topilganligi kuzatildi.
Ochiq ma’lumotlarga asosan “Shumanay tuman yo‘llardan foydalanish” DM tomonidan yuk tashish xizmati bo‘yicha o‘tkazilgan tanlov bayonnomasi bekor qilinganligi va g‘olib tashkilot bilan shartnoma tuzish rad etilganligi ma’lum bo‘ldi.