Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarni himoya qilish qo‘mitasi tomonidan oldinroq taksi agregatorlari xizmatlari bozorida o‘rganishlar o‘tkazilayotgani va uning natijalari e’lon qilinishi haqida ma’lumotlarimizda ham xabar berib o‘tgan edik.
Shu bilan birga, Qo‘mita tomonidan yo‘lovchilarni tashish (taksi) uchun buyurtmalarni joylashtirish va taksi xizmatlarini ko‘rsatishga imkon beruvchi vositachilik (agregator) xizmatlari bozoridagi raqobat muhiti va tegishli bozor ishtirokchilari xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning ustun mavqei (bozor ulushlari) ni aniqlash ishlari joriy yilning ikkinchi choragida (ya’ni 2022-yil natijalari bo‘yicha barcha yakuniy hisobotlar shakllangandan so‘ng) boshlangan bo‘lib ushbu bozorning o‘ziga xos xususiyatlari va respublikaning har bir hududida ushbu bozorning rivojlanishi turli darajada ekanligi va alohida jihatlari mavjudligini hamda joriy yilda yangi “Raqobat to‘g‘risidagi” Qonun kuchga kirganligi va unda ustun mavqeni aniqlash mezonlarining o‘zgarganligi tahlilni borishiga ma’lum darajada ta’sir qilganligini e’tirof etish zarur.
O‘rganish davomida, yo‘lovchilarni tashish (taksi) uchun buyurtmalarni joylashtirish va taksi xizmatlarini ko‘rsatishga imkon beruvchi vositachilik (agregator) xizmatlari bozoriga veb-sayt yoki mobil ilova yordamida buyurtma berish va haydovchini topish imkonini beruvchi agregator xizmatlari va uning o‘rnini ma’lum daraja bosuvchi telefon orqali despetcherlik xizmatlari bozori ham qamrab olindi.
Tahlil jarayonida ryespublika bo‘yicha jami 66 ta faoliyat yuritayotgan xo‘jalik yurituvchi subyekt (korxona)dan, shundan 58 tasi dispetcherlik xizmati va 8 tasi mobil ilova orqali agregator xizmatini ko‘rsatayotganligi ma’lum bo‘ldi.
Tahlillar natijasiga ko‘ra bozor ulushlari va ko‘rsatilgan xizmatlari yuzasidan faoliyat yuritayotgan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar ichida eng katta bozor ulushi ya’ni 86,3 foizi “Yandex Go” platformasi xissasiga to‘g‘ri kelishi aniqlandi.
Shuningdek, bozorning konsentratsiyasi yuzasidan mazkur xizmat bozorida sanoqli ishtirokchilar jami xizmatning asosiy qismini ko‘rsatayotganini va bu bozordagi holat, jumladan xizmat narxi va sifatiga bir tomonlama ta’sir ko‘rsatish xavfi mavjudligi ham tahlil jarayonida aniqlangan.
O‘zbekiston Respublikasidagi “Yandex Go” ilovasi orqali ko‘rsatilgan taksi xizmatlarining 2022 yildagi moliyaviy natijalari yuzasidan rasmiy statistik ma’lumotlar Ridetech International B.V. kompaniyasi (Niderlandiyada ro‘yxatdan o‘tgan) tomonidan taqdim etilgan. Joriy yil 1 dekabrdan boshlab “Yandex Go” platformasining agregatorlik xizmatlari O‘zbekiston Respublikasi hududida soliq rezidenti –“YandexGo UB” MCHJ yuridik shaxs tomonidan taqdim etilishi e’lon qilindi. Ridetech International B.V. kompaniyasi “YandexGo UB” MCHJ bilan yagona (umumiy) iqtisodiy manfaatga ega bo‘lgan shaxslar hisoblanib shaxslar guruhi sifatida, bozorning yagona sub’ekti sifatida qaraladi.
Yuqoridagilarga muvofiq, joriy yil 4-dekabr kuni Qo‘mita tomonidan O‘zbekiston Respublikasining “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonunining 13-moddasiga asosan “YandexGo UB” MCHJ yo‘lovchilarni tashish (taksi) uchun buyurtmalarni joylashtirish va taksi xizmatlarini ko‘rsatishga imkon beruvchi vositachilik (agregator) xizmatlari bozorida ustun mavqega ega xo‘jalik yurituvchi subyekt deb e’tirof etildi.
Qo‘mita ushbu bozorda barcha ishtirokchilari tomonidan “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonunning raqobatga qarshi kelishuvlarni va muvofiqlashtirilgan harakatlarni, insofsiz raqobat, iqtisodiy konsentratsiya, ustun mavqeini va ustun muzokara kuchini suiiste’mol qilish kabi harakatlarni oldini olish va bartaraf etish yuzasidan tizimli ravishda monitoring olib boradi.