Qoʻmitaning Samarqand viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan “Hududgazta’minot” AJ Samarqand viloyati boʻyicha hududiy gaz ta’minoti filiali boʻyicha ulgurji iste’molchilarga tabiiy gaz yetkazib berishda hisoblangan toʻlovlar va qoʻllanilgan tariflarning asosliligi yuzasidan oʻrganish oʻtkazilgan.
Oʻrganish va tahlil oʻtkazilganda ayrim ulgurji iste’molchilar tomonidan
2018-yil noyabr oyi uchun iste’mol qilingan tabiiy gaz miqdori (hajmi) uchun oldindan toʻlov (avans) amalga oshirilgan boʻlsada, ushbu ulgurji iste’molchilarga 2018-yil 16-noyabrdan kuchga kirgan narx (tarif) boʻyicha hisoblanganligi natijasida 3737 ta ulgurji iste’molchilarga jami 11,7 mlrd (11 698 800 000) soʻm ortiqcha toʻlovlar hisoblanganligi aniqlangan.
Hududiy boshqarmaning Maxsus komissiyasi tomonidan “Hududgazta’minot” AJning viloyat hududiy filialiga Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 239-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizomning 36-bandi 1-xatboshida koʻrsatilgan qonunbuzarlik holatini tugatish hamda uning oqibatida ortiqcha olingan 11 698,8 mln soʻmlik mablagʻlarni iste’molchilar bilan qayta hisob-kitob qilish toʻgʻrisida koʻrsatma berilgan.
Lekin, Samarqand viloyati boʻyicha gaz ta’minoti hududiy filiali tomonidan mazkur koʻrsatma ijrosi ta’minlanmagan.
Hududiy boshqarma tomonidan iqtisodiy sudga “Hududgazta’minot” AJga nisbatan tegishli da’vo arizasi kiritilgan boʻlib, joriy yilning 19-yanvarida qabul qilingan Hal qiluv qaroriga asosan javobgarga nisbatan, iste’molchilardan ortiqcha olingan mablagʻlarni ular bilan qayta hisob-kitob qilish majburiyati yuklatildi va buning natijasida tabiiy monopoliya subyekti iste’molchisi boʻlgan jami 3737 ta tadbirkorlik subyektlarining qonuniy huquqlari tiklanishi ta’minlandi.