Tadbirkorlik subyektlarining manfaatlarini himoya qilishda, Qo‘mita va uning hududiy boshqarmalari tomonidan tizimli va samarali ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, joriy yil davomida ikki tadbirkorlik subyektining jami 15,0 mlrd so‘mlik manfaatlarini himoya qilinishi ta’minlandi.
Ma’lumot uchun:
Toshkent viloyatidagi avtomobillarga yoqilg‘i quyish shohobchasi faoliyatini ko‘rsatuvchi MChJ Qo‘mitaga 2024-yil aprel oyida murojaat qilib, “Hududgazta’minot” AJ Toshkent viloyati filiali tomonidan asossiz qarzdorlik hisoblanganligidan noroziligini bildirib, mazkur masalani belgilangan tartibda hal etilishida amaliy yordam ko‘rsatishni so‘ragan.
Mazkur murojaat yuzasidan Qo‘mitaning Toshkent viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida mazkur tadbirkorlik subyektiga nisbatan asossiz hisoblangan 9,6 mlrd so‘mlik qarzdorlik “Hududgazta’minot” AJ tomonidan “Hududgazta’minot korporativ tizimi” elektron dasturida tahrirlash yo‘li orqali chiqarilishi ta’minlanib, tadbirkorning manfaatlari muvaffaqiyatli himoya qilindi.
Shuningdek, Sirdaryo viloyatidagi avtomobillarga yoqilg‘i quyish shohobchasi faoliyatini ko‘rsatuvchi MChJ Qo‘mitaga joriy yilning mart oyida murojaat qilib, “Hududgazta’minot” AJ Toshkent viloyati filiali tomonidan asossiz penya hisoblanganligida noroziligini bildirib, mazkur masalani belgilangan tartibda hal etilishida amaliy yordam ko‘rsatishni so‘ragan.
Murojaat va unga ilova qilingan hujjatlar bo‘yicha Qo‘mita tomonidan olib borilgan ishlar natijasida tadbirkorlik subyektiga asossiz hisoblangan 5,3 mlrd so‘mlik penya “Hududgazta’minot” AJ tomonidan “Hududgazta’minot korporativ tizimi” elektron dasturida tahrirlash yo‘li orqali chiqarilishi ta’minlanib, tadbirkorning masalasi ijobiy hal etilishiga erishildi.
Yuqoridagilarga asosan, Qo‘mita tadbirkorlik subyektlarining qonuniy manfaatlarini himoya qilishda vakolat doirasida amaliy yordam ko‘rsatishga doimo tayyor ekanligi bildiriladi.