Tadbirkorlik subyektlarining qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish borasida Raqobat qo‘mitasi tomonidan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, Navoiy viloyatida mehmonxona faoliyatini amalga oshiruvchi tadbirkorlik subyekti tomonidan “Hududgazta’minot” AJ va uning “Hududgaz Navoiy” gaz ta’minoti filiali tomonidan hisoblangan penya summasi asossiz deb topilib, mazkur holat bo‘yicha Qo‘mitaga murojaat qilingan.
Murojaat yuzasidan Qo‘mita tomonidan o‘rganish va tegishli choralar ko‘rildi. Natijada, tadbirkorga asossiz ravishda hisoblangan 68 mln so‘mga yaqin penya “Hududgazta’minot” AJning maxsus elektron dasturida qayta ko‘rib chiqilib, hisobdan chiqarilishi ta’minlandi.
Shu orqali tadbirkorlik subyektining qonuniy manfaatlari tiklandi va gaz ta’minoti sohasidagi adolatsiz holatga chek qo‘yildi.
Raqobat qo‘mitasi kelgusida ham tadbirkorlar manfaatlarini himoya qilish, shaffof va adolatli bozor muhitini shakllantirish borasida o‘z faoliyatini izchil davom ettiradi.