Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi Toshkent viloyati hududiy boshqarmasiga “Spring Colour Industry” MCHJ qo‘shma korxonasi tomonidan murojaat kelib tushgan.
Murojaatda qayd etilishicha, Yangiyo‘l tuman elektr ta’minoti korxonasi tomonidan 2022 yil 22 avgust kuni “Spring Colour Industry” MCHJ elektr hisoblagich o‘rnatilib, plombalangan va vaqtincha foydalanish uchun ruxsat berilib dalolatnoma rasmiylashtirilgan. Biroq 2022 yilning dekabr oyida elektr hisoblagich tarmoqdan uzilib, noqonuniy ulanganlik vaji bilan Yangiyo‘l tuman elektr ta’minoti korxonasi tomonidan “Spring Colour Industry” MCHJ QKga asossiz 1 milliard 416 million 933 ming so‘m miqdorida qarzdorlik hisoblangan.
Hududiy boshqarma tomonidan “Spring Colour Industry” MCHJ QK murojaati o‘rganilganda Yangiyo‘l tumani elektr tarmoqlari korxonasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasining “Tabiiy monopoliyalar to‘g‘risida”gi qonun talablari buzilgani aniqlandi. Qonunbuzulish holati bo‘yicha “Toshkent hududiy elektr tarmoqlari” AJga nisbatan “Raqobat, tabiiy monopoliyalar, iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish va reklama to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun ish qo‘zg‘atish va ularni ko‘rib chiqish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomga asosan ish qo‘zg‘atildi.
Hududiy boshqarma maxsus komissiyasi tomonidan “Spring Colour Industry” MCHJga hisoblangan qarzdorlik asossiz deb topilib, qayta hisob-kitob qilish bo‘yicha “Toshkent hududiy elektr tarmoqlari” AJga bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatma berildi.
Eslatib o‘tamiz, 2022 yil sentyabr oyida Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi Toshkent viloyati hududiy boshqarmasiga Qibray tumanidagi tadbirkor murojaat qilib, unga elektr energiyasidan asossiz hisoblangan jami 114 million 167 ming 880 so‘m qarzdorlik hisoblanganligini ma’lum qilgan edi. Natijada “Toshkent hududiy elektr tarmoqlari” AJga nisbatan ish qo‘zg‘atilgan va asossiz qarzdorlik bekor qilingan edi.
Shu bilan birga, 2022 yil noyabrda “Toshkent hududiy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan “Chinoz yo’l industriya” MCHJga asossiz hisoblangan qariyb 300 million so‘m qarzdorlik hisobdan chiqarilgan.
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi Toshkent viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan bu kabi holatlar tegishli tartibda bartaraf etilmoqda.