Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi va uning hududiy boshqarmalariga fuqarolardan sug‘urta kompaniyasi tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlardan norozilik bildirilgan ko‘plab e’tirozli murojaatlar kelib tushmoqda.
Buxoro viloyati
Raqobat qo‘mitasining Buxoro viloyati hududiy boshqarmasi fuqaro Sh.Fning murojaatini o‘rganib chiqdi. Unda fuqaro avtomashinasi avtohalokatga uchragani, barcha kerakli hujjatlarni to‘plab, o‘zi bilan shartnoma tuzgan “A.I” sug‘urta kompaniyasiga bir necha bor murojaat qilgani, ammo sug‘urta kompaniyasi o‘z majburiyatlarini bajarmayotganligini bildirgan. Mazkur murojaat yuzasidan o‘rganishlar o‘tkazilganda kompaniya O‘zbekiston Respublikasi “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunining 8 va 19-moddalariga zid holatda ish yuritib, qonunbuzilishga yo‘l qo‘ygani aniqlandi. O‘rganishlar natijasida “A.I” sug‘urta kompaniyasi tomonidan sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi jamiyat tomonidan sug‘urta hodisasi deb tan olingan va 60 mln 672 ming so‘m miqdorda sug‘urta tovoni undirib berilishi ta’minlangan.
Qashqadaryo viloyati
Raqobat qo‘mitasining Qashqadaryo viloyati hududiy boshqarmasiga Koson tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro S.A. «Evro Aziya” sug‘urta kompaniyasidan norozi bo‘lib murojaat yo‘llagan. Fuqaro bank orqali kreditga avtomashina xarid qilgan, bankda kredit olish jarayonida mablag‘lar «Evro Aziya» sug‘urta kompaniyasi tomonidan sug‘urta qilingan. Shartnomaga asosan muddatidan avval to‘langan kredit miqdoriga asosan sug‘urta kompaniyasi murojaatchiga 660 000 so‘m mablag‘ni qaytarishi lozim bo‘lgan, ammo bir necha bor murojaat qilinishiga qaramasdan, belgilangan mablag‘ iste’molchiga qaytarilmagan. Hududiy boshqarma mutaxassislari tomonidan olib borilgan o‘rganish ishlari natijasida fuqaro S.A. ga «Evro Aziya» sug‘urta kompaniyasidan 660 000 so‘m mablag‘ to‘lov qaytarib berildi.
Navoiy viloyati
Navoiy viloyatida istiqomat qiluvchi fuqarolar O.Y. va A.S.lar avtokredit to‘lovlarini sug‘urtalash uchun “EUROASIA INSURANCE” AJ QK bilan shartnoma tuzadi. Iste’molchilar kredit to‘lovlarini muddatidan oldin to‘lab bo‘lganligi bois sug‘urta kompaniyasiga sug‘urta to‘lovini foydalanilmagan qismini qaytarish borasida bir necha bor murojaat qiladilar, biroq kompaniya tomonidan rad javobi olinadi. Raqobat qo‘mitasining Navoiy viloyati hududiy boshqarmasiga kelib tushgan mazkur murojaatlar o‘rganib chiqilganda, haqiqatan ham murojaatchilarning e’tirozi haqli ekanligi ma’lum bo‘ldi. O‘rganish natijalariga ko‘ra, O.Y.ga 1 mln 224 so‘m hamda A.S.ga 975 000 so‘m mablag‘lar “EUROASIA INSURANCE” AJ QK tomonidan qayta hisob-kitob qilinib, fuqarolarga qaytarib berilishi ta’minlandi.
Namangan viloyati
Raqobat qo‘mitasining Namangan viloyati hududiy boshqarmasi yengil avtomabilni kredit asosida sotib olgan va kompaniya tomonidan sug‘urta mablag‘larini to‘liq qaytarib ololmayotgan fuqaroning murojaatini o‘rganib chiqdi. O‘rganishlarda fuqaro “Asakabank” AJ Namangan viloyat filialidan avtomabil sotib olish uchun shartnoma tuzib, kredit mablag‘i olgan. Kreditni sug‘urtalashga 2 mln 748 ming so‘m sug‘urta mukofoti uchun to‘lovni amalga oshirgani va muddatidan oldin kredit so‘ndirilgani ma’lum bo‘ldi. Ammo shunga qaramay, “INSON” MCHJ sug‘urta kompaniyasi sug‘urta to‘lovlarini to‘liq qaytarib bermagan. O‘rganishlar natijasida fuqaroning plastik kartasiga “INSON” MCHJ sug‘urta kompaniyasi tomonidan 2 mln 587 ming so‘m mablag‘ o‘tkazib berilishi ta’minlandi.
Ma’lumot o‘rnida. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 24-iyundagi “Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini amalga oshirish chora-tadbirlari haqida”gi 141-sonli qaroriga asosan fuqarolar transport vositasiga egalik huquqi vujudga kelgan kundan e’tiboran o‘zining fuqarolik javobgarligini sug‘urta qildirishi shartligi belgilangan.