Raqobat qo‘mitasi huzuridagi Raqobat siyosati va iste’molchilar huquqlari tadqiqotlari markazi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 6-oktyabrdagi PQ-296-son “Iste’molchilar huquqlarini samarali himoya qilishni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida iste’molchilar murojaatlari bilan ishlash, “Sirli mijoz” va nazorat xaridi tadbirlarini o‘tkazish hamda “Iste’molchi murojaati” elektron tizimida ishlash bo‘yicha nodavlat notijorat tashkilotlari xodimlarini o‘qitishga qaratilgan maxsus o‘quv kurslari tashkil etildi.
Uch kun davom etgan o‘quv kursi doirasida ishtirokchilar:
⏺ iste’molchilar murojaatlarini qabul qilish va ko‘rib chiqish tartibi;
⏺“Sirli mijoz” tadbirlari va nazorat xaridini o‘tkazish metodikasi;
⏺ “Iste’molchi murojaati” elektron tizimida ishlash bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar;
⏺savdo va xizmat ko‘rsatish sohalarida iste’molchilar huquqlarini himoya qilish amaliyoti;
⏺ axborot maxfiyligi va shaxsga doir ma’lumotlar bilan ishlash qoidalari bo‘yicha nazariy hamda amaliy bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘ldilar.
Mashg‘ulotlar sohada yuqori malaka va amaliy tajribaga ega bo‘lgan mutaxassislar tomonidan olib borildi.
O‘quv kursi yakunida ishtirokchilarga belgilangan tartibdagi maxsus sertifikatlar topshirildi.
Mazkur o‘quv kurslari iste’molchilar huquqlarini himoya qilish tizimida nodavlat notijorat tashkilotlarining rolini kuchaytirish, jamoatchilik nazorati mexanizmlarini samarali yo‘lga qo‘yishga xizmat qiladi.







