Ichki iste’mol bozorida oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, odamlar hayoti va sog‘ligiga xavfli bo‘lgan sifatsiz mahsulotlarning sotilishiga yo‘l qo‘ymaslik bugungi kundagi muhim masalalardan biridir.
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi Samarqand viloyati hududiy boshqarmasi va Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Federatsiyasi Samarqand viloyati hududiy birlashmasi bilan hamkorlikda olib borilgan o‘rganishlarda 73 ta savdo ob’ektlarida 2307 dona aholi uchun xavfli bo‘lgan, iste’molga yaroqsiz, saqlash muddati o‘tgan oziq-ovqat mahsulotlari aniqlandi.
Masalan, Samarqand shahridagi 23 ta do‘konda 724 dona, Samarqand tumanida 14 ta savdo do‘konida 744 dona, Bulung‘ur tumanida 4 ta savdo do‘konida 268 dona, Urgut tumanida 3 ta savdo do‘konida esa 86 dona iste’molga yaroqsiz mahsulotlar sotuvda mavjudligi ma’lum bo‘ldi. Bundan tashqari, Toyloq tumanida 5 ta savdo do‘konida 319 dona, Narpay tumanida 3 ta savdo do‘konida 18 dona hamda Jomboy tumanida 9 ta savdo do‘koni rastalarida 148 dona sertifikatlanmagan, sifatsiz mahsulotlar sotilayotgani, nazorat kassa apparatlari va to‘lov terminallari mavjud emasligi kabi holatlar ham aniqlandi.
Ushbu 73 ta savdo obyektlarida aniqlangan xato va kamchiliklar yuzasidan:
- hududiy boshqarma tomonidan 14 ta savdo obyektlari rahbarlariga ogohlantirishlar berildi. Muddati o‘tgan tovarlar ixtiyoriy ravishda savdo rastalaridan olinib utilizatsiya qilindi;
- 14 ta savdo obyektlarida rahbarlariga nisbatan ma’muriy choralar qo‘llanildi;
- 35 ta savdo obyektlari ma’muriy choralar qo‘llanilishida prokuratura organlariga yuborildi.
O‘rganishlar davomida aniqlangan xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan qolgan savdo obyektlari rahbarlariga nisbatan chora ko‘rish ishlari davom ettirilmoqda.