Guruchlar bugungi kunda qadoqlangan va vaznlab tortilgan holda sotiladi. Qadoqlangan guruch mahsulotlarida ishlab chiqaruvchi korxona tomonidan guruchga tegishli maʼlumotlar beriladi. Savdo shoxobchalarining o‘zida qadoqlangan guruchlar o‘ramiga etiketka yopishtiriladi, unda uning nomi, ishlab chiqaruvchi korxonaning yoki ishlab chiqaruvchi mamlakatning nomi, bir birligining bahosi, tayyorlangan sanasi, yaroqlilik muddati, qadoqlangan sanasi, qadoqlovchining tartib raqami yoki familiyasi ko‘rsatiladi.
Oziq-ovqat mahsulotlarida bunday ma’lumotlarning bo‘lmasligi iste’molchida mahsulot yangimikan, iste’molga yaroqlimikan degan shubhalarni tug‘dirishi mumkin.
Joriy yilning 4-oktabr kuni ijtimoiy tarmoqdagi “Potrebitel.Uz” guruhida iste’molchi tomonidan “Anglesey Food” XK MChJga tegishli “korzinka.uz” nomi ostida faoliyat yurituvchi savdo do‘konidan sotib olgan “365 kun” (Xorazm lazer guruchi) nomli guruch mahsulotida qurtlar o‘rmalab yurganidan o‘z noroziligini bildirgan.
O‘zbekiston Respublikasi “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunining:
12-moddasiga muvofiq, iste’molchilarning hayoti, sog‘lig‘i, mol-mulki hamda atrof-muhit uchun xavf tug‘diruvchi tovar ishlab chiqarganlik (ish bajarganlik, xizmat ko‘rsatganlik) uchun qonunchilikka muvofiq, ishlab chiqaruvchi (ijrochi), normativ hujjatlarni tasdiqlagan organ, muvofiqlik sertifikati bergan organ yoxud realizatsiya qilishga ruxsat bergan boshqa organlar javobgar bo‘ladi.
13-moddasiga muvofiq, nuqsonli tovar sotilganda iste’molchi, o‘z xohishiga qarab tovarni ayni shunday markali (modelli, artikulli) maqbul sifatli tovarga almashtirib berishni, tovarning nuqsonlarini bepul bartaraf etish yoki iste’molchining yoxud uchinchi shaxsning nuqsonlarni bartaraf etishga qilgan xarajatlarini qoplashni, xarid narxini nuqsonga mutanosib ravishda kamaytirishni, shartnomani bekor qilib, ko‘rilgan zararni qoplashni talab qilishga haqli.
Bunda, iste’molchining talablari u kassa yoki tovar chekini taqdim etgan taqdirda ko‘rib chiqilishi belgilangan.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 13-fevraldagi 75-son qarori bilan tasdiqlangan Chakana savdo qoidalarining 189-bandiga muvofiq, sifatsiz, but bo‘lmagan tovarlarni, kulinariya buyumlarini va atayin nostandart mahsulotlarni sotish, shuningdek xaridorga sotilgan sifatsiz, but bo‘lmagan tovarni almashtirib berishdan yoki pullarni qaytarib berishdan bosh tortish, tovarlarni ularning sifatini va ishlab chiqarish markasini tasdiqlovchi yoki sertifikatsiyalangan mahsulotning belgilangan talablarga muvofiqligini tasdiqlovchi hujjatlarsiz sotish savdo qoidalari buzilishi sifatida e’tirof etilgan.
O‘zbekiston Respublikasi “Oziq-ovqat mahsulotining sifati va xavfsizligi to‘g‘risida”gi Qonunining 6-moddasiga muvofiq, oziq-ovqat mahsuloti hamda uni tayyorlashga mo‘ljallangan va foydalanganda oziq-ovqatga tegib turadigan uskunalar oziq-ovqat mahsulotining sifati va xavfsizligiga doir normalar va qoidalar talablariga mosligi baholanganidan hamda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganidan keyin ishlab chiqarilishi, O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirilishi, realizatsiya qilinishi va ishlatilishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilayotgan va uning hududiga olib kirilayotgan, O‘zbekiston Respublikasi hududida muomalaga ruxsat berilgan oziq-ovqat mahsulotini va uskunalarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish sanitariya-epidemiologik xulosa berilayotganda davlat sanitariya nazorati organlari tomonidan amalga oshiriladi.
O‘rganish natijasiga ko‘ra, kamchiliklar bartaraf etildi va “365” kun guruchining sifatsiz deb topilgan partiyasi mazkur «korzinka.uz» savdo shoxobchasi rastalaridan olib tashlandi hamda iste’molchiga yetkazilgan zarar qoplanadigan bo‘ldi.