Joriy yilning may oyida Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasining ishonch telefoniga Andijon viloyati Oltinko‘l tumanida yashovchi fuqaro tomonidan murojaat yo‘llangan.
Murojaatda, fuqaro bankdan issiqxona uchun kredit olganligi va sifatsiz issiqxona qurilganligi, qurilishidan hech qancha vaqt o‘tmay qurilma yaroqsiz holatga kelganligi, bu holat yuzasidan bank xodimlari va issiqxona qurib bergan quruvchi kompaniya ham e’tibor qaratmaganligidan norozi ekanligi keltirilgan.
Ushbu murojaat hududiy boshqarma xodimlari tomonidan o‘rganib chiqildi. Natijada “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish” Qonunining 19-20 moddalariga asosan iste’molchi roziligi asosida 12 000 000 so‘mlik issiqxona qayta taʼmirlanib berildi va iste’molchi huquqi tiklandi.
Ma’lumot uchun:
“Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish” Qonunining
19-moddasiga ko‘ra, Ijrochi ayrim turdagi ishlarni bajarish (xizmatlar ko‘rsatish) qoidalarida yoki shartnomada belgilangan muddatda, hajmda va sifatda ishni bajarishi (xizmat ko’rsatishi) shartigi; Agar ijrochi shartnoma shartlarini ish (xizmat)ni yomonlashtirgan darajada jiddiy buzgan bo‘lsa yoxud ishda (xizmatda) boshqa jiddiy nuqsonlarga yo‘l qo‘ygan bo‘lsa, iste’molchi o‘z xohishiga ko‘ra nuqsonlar bepul bartaraf etilishini, bajarilgan ish (ko‘rsatilgan xizmat) bahosi nuqsonlarga mutanosib ravishda kamaytirilishini, xuddi shunday sifatli shu xildagi materialdan boshqa buyum bepul tayyorlab berilishini yoxud ishning takroran bajarilishini yoinki shartnoma bekor qilinib, ko‘rilgan zarar to‘liq qoplanishini talab qilishga haqli.
20-moddasiga asosan, Tovar (ish, xizmat)ning nuqsonlari tufayli yetkazilgan zarar uchun mulkiy javobgarlik. Sotuvchi (ishlab chiqaruvchi, ijrochi) bilan shartnoma munosabatlariga kirishgan-kirishmaganidan qat’i nazar, har qanday iste’molchi tovar (ish, xizmat)ning nuqsoni tufayli yetkazilgan zarar qoplanishini talab qilish huquqiga ega.