Qo’mitaning hududiy organlariga qilingan murojaatlar o’z yechimini topmoqda (Buxoro,Qashqadoryo viloyatlari misolida)
Buxoro viloyati
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasiga Buxoro shahrida istiqomat qiluvchi O.N. xonadoniga buyurtma asosida keltirilgan yangi deraza romlarining sifatsiz chiqqanligi yuzasidan murojaat qilgan.
Qo‘mita mutaxassislari xizmat ko‘rsatuvchi korxonadan buyurtmani bajargan ustalarni jalb qilgan holda o‘rganishlar olib borishdi. Unda deraza romlari yaxshi ochib-yopilmasligi, ularda himoyalovchi vositasi yo‘qligi, buning natijasida xonaga sovuq havo kirayotgani ma’lum bo‘ldi. Fuqaroning bu haqdagi korxonaga qilgan murojaatlaridan natija chiqmagach, qishning sovuq kunlarida mazkur kamchiliklarni o‘zi bartaraf qilishga majbur bo‘lgan.
Korxona xodimlariga O‘zbekiston Respublikasi “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunning 13-moddasida iste’molchiga nuqsonli tovar sotilganda iste’molchi, agar bu hol shartnoma tuzish paytida aytib o‘tilmagan bo‘lsa, o‘z xohishiga qarab tovarning nuqsonlarini bepul bartaraf etish yoki iste’molchining yoxud uchinchi shaxsning nuqsonlarni bartaraf etishga qilgan xarajatlarini qoplash kabi huquqlari belgilab berilgani haqida tushunchalar berib o‘tildi.
O‘rganishlar davomida deraza romlarini qo‘shimcha ta’mirlashga sarflangan mablag‘ hisob-kitob qilindi. Natijada fuqaro O.N.ga 800 ming so‘m xarajat pul qaytarilishi ta’minlandi.
Qashqadaryo viloyati
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining Qashqadaryo viloyati hududiy boshqarmasiga Koson tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro J.Z. subsidiya asosida uy olish uchun “Asl kafolat buyumlari” MChJ bilan tuzilgan shartnoma shartlari bajarilmaganidan norozi bo‘lib murojaat yo‘lladi.
O‘rganishlar davomida fuqaro J.Z va “Asl kafolat buyumlari” MChJ o‘rtasida 2022-yil subsidiya asosida tuzilgan shartnomaga asosan 10 mln so‘m boshlang‘ich to‘lovni amalga oshirgandan so‘ng yangi qurilgan xonadonni topshirilishiga kelishilganligi ma’lum bo‘ldi. Ammo murojaatchi boshlang‘ich to‘lovni amalga oshirgan bo‘lishiga qaramay, yangi xonadon belgilangan muddatda egalariga topshirilmadi. Mazkur masala bo‘yicha fuqaro MChJga murojaat qilganida shartnoma bekor bo‘lganligi, to‘lovni qaytarib berishlari to‘g‘risida va’da berishadi, ammo oradan qancha vaqt o‘tsa hamki pul qaytarilmagan.
O‘zbekiston Respublikasining “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunning 23-moddasida sotuvchi (ijrochi) iste’molchini haq evaziga qo‘shimcha tovarlar sotib olishga yoki qo‘shimcha xizmatlardan foydalanishga qistashga, shuningdek ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun haq olishga haqli emas.
“Asl kafolat buyumlari” MChJga Qo‘mitaning ko‘rsatmasi berildi va iste’molchiga 10 mln. so‘m mablag‘ to‘liqligicha undirib berilishi ta’minlandi.