FUQARODAN SAVOL:
-Ustun mavqe nima?
MUTAXASSIS JAVOBI:
– Tovar yoki moliya bozoridagi xo‘jalik yurituvchi subyektning yoxud shaxslar guruhining unga o‘z faoliyatini raqobatlashuvchi xo‘jalik yurituvchi subyektlarga bog‘liq bo‘lmagan holda amalga oshirish va raqobatning holatiga hal qiluvchi ta’sir ko‘rsatish, tegishli bozorga boshqa xo‘jalik yurituvchi subyektlarning kirishini qiyinlashtirish yoxud ushbu boshqa subyektlarning iqtisodiy faoliyat erkinligini boshqacha tarzda cheklash imkoniyatini beradigan holati ustun mavqyedir.
Tovar yoki moliya bozorida quyidagilar ustun mavqe deb e’tirof etiladi:
agar xo‘jalik yurituvchi subyektning yoki shaxslar guruhining raqobatchilari mavjud bo‘lmasa;
agar xo‘jalik yurituvchi subyektning yoxud shaxslar guruhining bozordagi ulushi 40 foizni va undan ortiqni tashkil etsa;
agar xo‘jalik yurituvchi subyekt yoki shaxslar guruhi tabiiy monopoliya subyekti deb e’tirof etilsa;
agar xo‘jalik yurituvchi subyektga yoki shaxslar guruhiga muayyan tovarlarni ishlab chiqarish yoki realizatsiya qilish yoxud olish uchun qonunchilikda belgilangan tartibda mutlaq va (yoki) eksklyuziv huquq berilgan bo‘lsa.
Oxirgi kalendar yilda tovarlarni realizatsiya qilishdan olingan tushumi bazaviy hisoblash miqdorining o‘ttiz ming baravaridan kamroqni tashkil etuvchi xo‘jalik yurituvchi subyektning yoki shaxslar guruhining (bundan tabiiy monopoliya subyektlari, mahsulotlarining narxlari davlat tomonidan tartibga solinadigan xo‘jalik yurituvchi subyektlar mustasno) tovar yoki moliya bozoridagi holati ustun mavqe deb e’tirof etilmaydi.
Xo‘jalik yurituvchi subyektning yoki shaxslar guruhining tovar yoki moliya bozoridagi ustun mavqeyi e’tirof etilgan kundan e’tiboran uch kunlik muddatda vakolatli davlat organi bu haqda ularga xabarnoma yuboradi, mazkur xo‘jalik yurituvchi subyektning yoki shaxslar guruhining tovarlariga nisbatan narxlar davlat tomonidan tartibga solingan taqdirda esa bu haqda narxni tartibga soluvchi organga ham xabar beradi.
Tovar yoki moliya bozorida xo‘jalik yurituvchi subyektning yoxud shaxslar guruhining, raqamli platforma operatorining ustun mavqeyini aniqlash va e’tirof etish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
O‘zbekiston Respublikasining Qonuni “Raqobat to‘g‘risida” 13-modda.