FUQARODAN SAVOL:
– Televideniyeda beriladigan reklamalarga qanday talablar belgilangan?
MUTAXASSIS JAVOBI:
27-modda. Televideniyedagi reklama
Telekanallar efirida, tele-, video-, kinoxronikali dasturlarda tarqatilayotgan reklamaning (shu jumladan teledo‘kon reklamasi kabi reklamaning) umumiy davomiyligi ko‘rsatuv vaqtining bir soati davomida yigirma foizdan, biroq bir sutkada ko‘rsatuv vaqtining o‘n besh foizidan oshishi mumkin emas. Ushbu talab faqat reklama teledasturlariga ixtisoslashtirilgan telekanallarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Davomiyligi o‘n daqiqadan kam bo‘lgan teleko‘rsatuvlarni reklama bilan uzib qo‘yishga va reklama bilan birga namoyish etishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Sport musobaqasining (shu jumladan sport bellashuvlari, o‘yinlari, janglari, poygalarining) jonli efirdagi yoki yozib olingan holdagi namoyishi, agar telekanalning huquq egasi bilan tuzilgan shartnomasida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, faqat sport musobaqalari jarayonidagi tanaffuslarda yoki ular to‘xtatib turilgan vaqtda reklama bilan, shu jumladan homiylik reklamasi bilan uzib qo‘yilishi mumkin.
Quyidagilar taqiqlanadi:
reklama joylashtirish maqsadida davlat tadbirlari va marosimlarining namoyishini uzib qo‘yish;
reklama va reklama haqidagi anons, shu jumladan teledastur anonsi tovushining balandligi darajasini reklama va reklama haqidagi anons bilan uzib qo‘yilgan teledastur va teleko‘rsatuv tovushiga nisbatan balandroq qilib belgilash;
teleko‘rsatuvlar namoyish qilinayotganda reklama maqsadlarida harakatlanuvchi satrdan foydalanish, bundan reklama bloki vaqtida foydalanish mustasno;
teleko‘rsatuvlarga videoplashkalarni (teleko‘rsatuv namoyishi vaqtida ko‘rinib qoladigan tijorat axborotini) joylashtirish, bundan reklamaning o‘zini, shuningdek reklama huquqi asosida efirga chiqariladigan ko‘rsatuvni namoyish etish vaqti mustasno. Bunda videoplashka o‘lchami ekran sathining o‘n foizidan oshmasligi va uning pastki qismida gorizontal holatda joylashtirilgan bo‘lishi kerak.
Ushbu modda birinchi va ikkinchi qismlarining talablari:
tegishli telekanalda namoyish qilinayotgan teleko‘rsatuvlar to‘g‘risidagi teledasturlarda joylashtiriladigan axborotga;
teledasturning logotipiga va mazkur teledastur haqidagi axborotga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Chet el telekanallari retranslyatsiya qilinayotganda tarqatiladigan reklama axboroti ushbu Qonunning 16-moddasida nazarda tutilgan talablarga muvofiqligini ta’minlash imkoni bo‘lmagan taqdirda, bunday kanallarning dasturlari reklamadan foydalanuvchilarga reklama axborotisiz taqdim etiladi.
O‘zbekiston Respublikasining, 07.06.2022 yildagi O‘RQ-776-son «Reklama to‘g‘risida»gi Qonuni