FUQARODAN SAVOL:
–Ishni bajarish, xizmat ko‘rsatish to‘g‘risidagi shartnoma shartlari buzilgan taqdirda iste’molchining qanday huquqlari bor?
JAVOB:
Ijrochi ayrim turdagi ishlarni bajarish (xizmatlar ko‘rsatish) qoidalarida yoki shartnomada belgilangan muddatda, hajmda va sifatda ishni bajarishi (xizmat ko‘rsatishi) shart.
Ishni bajarish (xizmat ko‘rsatish) muddati ish bajarilishi (xizmat ko‘rsatilishi) lozim bo‘lgan sanaga (davrga), shuningdek, ijrochi ishni bajarishga (xizmat ko‘rsatishga) kirishishi lozim bo‘lgan sanaga (davrga) qarab belgilanishi mumkin. Agar ish bajarish xizmat ko‘rsatish shartnomaning amal qilish muddati davomida qismlarga bo‘lib-bo‘lib ado etiladigan bo‘lsa (vaqtli matbuotni yetkazib berish, texnik xizmat ko‘rsatish va boshqalar), ishlar bajarish (xizmatlar ko‘rsatish)ning bosqichma-bosqich muddatlari (davrlari) nazarda tutilishi kerak.
Agar ijrochi shartnomani ijro etishga o‘z vaqtida kirishmasa yoki shartnomaning belgilangan muddatda bajarilmasligi ayon bo‘lib qolsa, iste’molchi ishni bajarish, xizmat ko‘rsatish to‘g‘risidagi shartnomadan voz kechishga va yetkazilgan zararning qoplanishini talab qilishga haqli.
Agar ijrochi shartnoma shartlarini ish (xizmat)ni yomonlashtirgan darajada jiddiy buzgan bo‘lsa, yoxud ishda (xizmatda) boshqa jiddiy nuqsonlarga yo‘l qo‘ygan bo‘lsa, iste’molchi o‘z xohishiga ko‘ra nuqsonlar bepul bartaraf etilishini, bajarilgan ish (ko‘rsatilgan xizmat) bahosi nuqsonlarga mutanosib ravishda kamaytirilishini, xuddi shunday sifatli shu xildagi materialdan boshqa buyum bepul tayyorlab berilishini yoxud ishning takroran bajarilishini yoinki shartnoma bekor qilinib, ko‘rilgan zarar to‘liq qoplanishini talab qilishga haqli.
Iste’molchi ushbu moddaning to‘rtinchi qismida ko‘rsatilgan huquqlarni:
ishni (xizmatni) qabul qilib olish vaqtida yoki uning bajarilishi jarayonida nuqsonlar aniqlangan taqdirda;
kafolat muddati davomida, kafolat muddati bo‘lmagan taqdirda esa, ish (xizmat) qabul qilib olingan kundan e’tiboran olti oy davomida;
import yoki boshqa ko‘chmas mulkda nuqsonlar aniqlangan kundan e’tiboran ikki yil davomida ro‘yobga chiqarishi mumkin.
Ish bajarish (xizmat ko‘rsatish) jarayonida aniqlangan nuqsonlarni bartaraf etish muddatlari shartnomada belgilab qo‘yiladi. Bajarilgan ish (ko‘rsatilgan xizmat)dagi nuqsonlar, agar shartnomada birmuncha qisqaroq muddat belgilanmagan bo‘lsa, iste’molchi talab qilgan kundan e’tiboran yigirma kun ichida ijrochi tomonidan bartaraf etilishi kerak. Nuqsonlar belgilangan muddatda bartaraf etilmagan, shuningdek, ish bajarishni (xizmat ko‘rsatishni) boshlash va tugallash kechiktirilgan taqdirda, ijrochi iste’molchi har bir kechiktirilgan kun, soat (agar muddat soatlarda belgilangan bo‘lsa) uchun ish (xizmat) qiymatining yoki buyurtma qiymatini (agar uning qiymati alohida belgilanmagan bo‘lsa) bir foizi miqdorida neustoyka (penya) to‘laydi.
Iste’molchi undirib olgan neustoyka (penya) summasi ish bajarish (xizmat ko‘rsatish)ning alohida turi bahosidan yoki buyurtmaning umumiy bahosidan ortiq bo‘lishi mumkin emas.
Bajarilgan ishdagi nuqsonlarni bartaraf etish kechiktirilganligi uchun ijrochi to‘lagan neustoyka (penya) qoplanishi lozim bo‘lgan zarar hisobiga kirmaydi.
Ijrochining majburiyatni umuman yoki lozim darajada bajarilmaganlik uchun neustoyka (penya) to‘lashi va zararni qoplashi uni majburiyatni asl holida bajarishdan ozod etmaydi.
Iste’molchidan qabul qilib olingan ashyo (material) yo‘qolgan, ishdan chiqqan, unga putur yetgan taqdirda yoki iste’molchining materialidan foydalanib bajarilgan ishda jiddiy nuqsonlar bo‘lsa yo u buzib bajarilgan taqdirda ijrochi iste’molchiga aynan o‘xshash sifatli ashyoni qaytarishi (o‘zining aynan o‘xshash sifatli materialidan ish bajarishi yoki xizmat ko‘rsatishi), buning imkoniyati bo‘lmagan taqdirda esa, ashyoning (materialning) talab qo‘yilgan paytdagi qiymatini ikki baravar qilib to‘lashi shart.
Ijrochi tomonidan ishlar bajarish va xizmatlar ko‘rsatish uchun qabul qilib olinayotgan ashyo (material) qiymati shartnoma tuzish paytida tomonlarning kelishuviga muvofiq belgilanadi.
Ishda (xizmatda) jiddiy nuqsonlar mavjud bo‘lganida yoki shartnoma talablari jiddiy buzilganida, shuningdek, ashyo (material) yo‘qolgan, ishdan chiqqan, unga putur yetgan taqdirda iste’molchi bilan hisob-kitob ishning (xizmatning) yoki materialning shartnomani bekor qilish paytidan oshgan narxini hisobga olgan holda amalga oshiriladi.
Sifatsiz bajarilgan ish (ko‘rsatilgan xizmat) tufayli iste’molchiga yetkazilgan zarar uchun ijrochi ushbu Qonunning 20, 22, 27, 29-moddalariga muvofiq javobgar bo‘ladi.
Ishlar bajarish va xizmatlar ko‘rsatish to‘g‘risida tuzilgan shartnomalar bo‘yicha iste’molchilar bilan ijrochi o‘rtasidagi munosabatlarning o‘z mohiyatiga ko‘ra ushbu moddaga mos kelmaydigan xususiyatlari, shuningdek, shartnomalarning umuman yoki lozim darajada ijro etilmaganligi tufayli kelib chiqadigan oqibatlar bunday shartnomalarning alohida turlari to‘g‘risida qonunchilikda belgilab qo‘yiladigan qoidalar bilan aniqlanadi.