FUQARODAN SAVOL:
– Iqtisodiy konsentratsiya ustidan qanday hollarda davlat nazorati olib boriladi?
MUTAXASSIS JAVOBI:
26-modda. Iqtisodiy konsentratsiya ustidan davlat nazorati
Iqtisodiy konsentratsiya ustidan davlat nazorati iqtisodiy konsentratsiyaga oldindan rozilik berish orqali vakolatli davlat organi tomonidan quyidagi hollarda amalga oshiriladi:
-xo‘jalik yurituvchi subyektni qo‘shib olish yoki qo‘shib yuborish orqali qayta tashkil etishda;
-shaxs yoki shaxslar guruhi O‘zbekiston Respublikasida ro‘yxatga olingan aksiyadorlik jamiyati ovoz beruvchi aksiyalarining 25 foizidan ortig‘ini tasarruf etish yoxud mas’uliyati cheklangan jamiyatning yoki qo‘shimcha mas’uliyatli jamiyatning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushlarning uchdan bir qismidan ortig‘ini tasarruf etish huquqini olganda.
Agar ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan bitimlarda ishtirok etayotgan xo‘jalik yurituvchi subyektlardan biri aktivlarining balans qiymati yoki oxirgi kalendar yilda tovarlarni realizatsiya qilishdan olingan tushumi bazaviy hisoblash miqdorining ikki yuz ellik ming baravari miqdoridan ortiq yoxud ularning aktivlarining jami balans qiymati yoki oxirgi kalendar yilda tovarlarni realizatsiya qilishdan olingan jami tushumi bazaviy hisoblash miqdorining besh yuz ming baravari miqdoridan ortiq bo‘lsa, iqtisodiy konsentratsiya ustidan davlat nazorati amalga oshiriladi.
Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risidagi qonunchilik iqtisodiy konsentratsiyaga vakolatli davlat organining oldindan roziligini olish bilan bog‘liq munosabatlarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Ushbu moddaning talablari quyidagilarga nisbatan tatbiq etilmaydi:
-davlat ishtirokidagi korxonalarning qo‘shib yuborilishiga yoki qo‘shib olinishiga yoxud ularning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) aksiyalarning (ulushlarning) olinishiga doir bitimlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriga binoan amalga oshirilgan hollarga;
-xo‘jalik yurituvchi subyektni tashkil etish chog‘ida uning muassislariga;
-xo‘jalik yurituvchi subyekt tomonidan ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) o‘z aksiyalarini (ulushlarini) olishga doir bitimlarga;
-aksiyadorlik jamiyati (mas’uliyati cheklangan jamiyat yoki qo‘shimcha mas’uliyatli jamiyat) o‘z ustav fondining (ustav kapitalining) miqdorini saqlab qolgan holda boshqa tashkiliy-huquqiy shaklga o‘zgartirilishiga;
-aksiyalar (ulushlar) keyinchalik qayta sotish maqsadida investitsiya vositachilari tomonidan olinishiga;
-xo‘jalik yurituvchi subyektning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) aksiyalarni (ulushlarni) jismoniy shaxs tomonidan olishga doir bitimlarga, agar ariza bilan murojaat etilgan paytda bunday jismoniy shaxs biron-bir xo‘jalik yurituvchi subyektning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) aksiyalarning (ulushlarning) 25 foizidan ko‘prog‘ini tasarruf etmagan bo‘lsa.
O‘zbekiston Respublikasining Qonuni “Raqobat to‘g‘risida”gi 26-modda.