Raqobat qo‘mitasi “Reklama to‘g‘risida”gi Qonunga muvofiq, reklamaning aylanishi sohasidagi qonunbuzilish holatlarini nazorat qiluvchi vakolatli davlat organi hisoblanib, bu borada muntazam ravishda tizimli ishlar olib borilmoqda.
Xususan, o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida, Samarqand shahrida joylashgan 2 ta mehmonxona:
“XURSHEDA GRAND” OKga tegishli “Vazira Hotel”;
“DIPLOMAT PREMIUM” OKga tegishli “Diplomat Premium Hotel” mehmonxonalari tomonidan reklama va bronlash (booking,com) platformasiga tasdiqlanmagan 3 “yulduz” qo‘yilganligi aniqlandi.
“Reklama to‘g‘risida”gi Qonunning 16-moddasi hamda “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunning 6-moddasi talablari buzilganligi holati aniqlanib, “XURSHEDA GRAND” OK va “DIPLOMAT PREMIUM” OKga nisbatan tegishli tartibda ish qo‘zg‘atildi. Mazkur ish boshqarma Maxsus komissiyasi tomonidan ko‘rib chiqilib, ushbu mehmonxonalarga nisbatan moliyaviy jarima qo‘llanildi.
Bundan tashqari, Samarqand shahrida faoliyat yuritayotgan “MINDED” MCHJga tegishli bo‘lgan “Minded school” o‘quv markazi binosida joylashtirilgan reklama bannerida o‘zbek kino aktyori, xalqaro darajadagi huquqshunos va jurnalist Otabek Mahkamovning tasviridan uning roziligisiz foydalanilganligi aniqlandi.
Ushbu holat bo‘yicha “MINDED” MCHJga nisbatan tegishli tartibda ish qo‘zg‘atilib, boshqarma Maxsus komissiyasi tomonidan ko‘rib chiqildi. Natijada, “Reklama to‘g‘risida”gi Qonunining 16-moddasi 3-qism 5-xatboshi (jismoniy shaxsning nomidan yoki tasviridan uning roziligisiz foydalanish taqiqlanadi) talablarini buzgan holda nomaqbul reklama (noto‘g‘ri, axloqsiz, yashirin reklama, shuningdek ushbu Qonun talablariga mos kelmaydigan boshqa reklama) sifatida joylashtirilganligi sababli “MINDED” MCHJga nisbatan moliyaviy jarima qo‘llanildi.
Shuningdek, yuqoridagi subyektlarga qonunbuzilish holatini bartaraf etish va kelgusida yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.