Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi boshqa hamkor tashkilotlar bilan birgalikda mamlakatimiz aholisini asosiy turdagi iste’mol tovarlari sifati va xavfsizligini ta’minlash yuzasidan tasdiqlangan chora-tadbirlar dasturiga asosan muntazam ravishda nazorat xaridi tadbirlarini tashkil etib bormoqda.
Namangan viloyati misolida
Hududiy boshqarma tomonidan Namangan shahridagi “Sardoba” bozorida nazorat xaridlari uchun paxta yog‘i va kolbasa mahsulotlari namunalar sotib olindi va “O‘zbekiston ilmiy-sinov va sifat nazorati markazi” davlat muassasasi (Uztest DM)ga yuborildi.
Laboratoriya natijalarida “Aziya gold” paxta yog‘i “Yog‘-moy mahsulotlarining xavfsizligi to‘g‘risida”gi umumiy texnik reglament talablarida belgilangan rangda emasligi aniqlandi.
Shuningdek, “Chimkentskaya” kolbasa maxsuloti “Oziq–ovqat maxsulotlarini tamg‘alash yuzasidan uning xavfsizligi to‘g‘risida”gi umumiy texnik reglament asosida yorliqlanmaganligi ma’lum bo‘ldi.
Hududiy boshqarma Maxsus komissiyasi tomonidan “ALI ABDULLO BRAND” MChJ sifatsiz paxta yog‘ini sotib, 4 mln so‘mga yaqin asossiz daromad olgani hamda “ANKABUD SANOAT SAVDO” MChJ tamg‘alanishi amaldagi me’yoriy hujjatlarga nomuvofiq bo‘lgan kolbasa mahsulotini sotib 3 mln so‘mga yaqin asossiz daromad olib, O‘zbekiston Respublikasining “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunning 9-11-13-20-moddalari talablarini buzgan deb topilib, belgilangan tartibda ish qo‘zg‘atildi va kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatma berildi.
Qashqadaryo viloyati misolida
Hududiy boshqarma tomonidan hamkor tashkilotlar bilan viloyatdagi yirik savdo do‘konlaridagi oziq-ovqat (kefir, smetana va tuz) mahsulotlarining nazorat xaridi o‘tkazilganligi hamda tahlil o‘tkazish uchun tegishli tashkilotlarning laboratoriyalariga taqdim etilganligi ma’lum qilingan edi.
Olib borilgan tahlil natijalariga ko‘ra sut va sut mahsulotlari O‘zbekiston Respublikasining “Sut va sut mahsulotlari xavfsizligi to‘g‘risida”gi va “Oziq-ovqat mahsulotlarini tamg‘alash yuzasidan uning xavfsizligi to‘g‘risida”gi texnik reglamenti talablariga mos kelmasligi aniqlandi.
Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha hududiy boshqarmaning Maxsus komissiyasi tomonidan tadbirkorlik subyektlariga tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Farg‘ona viloyati misolida
Hududiy boshqarma tomonidan joriy yilning avgust-sentyabr oylari davomida 8 ta (bolalar uchun salqin ichimlik mahsulotlari (3 turdagi), idish yuvish gel mahsulotlari (3 turdagi), bolalar uchun ozuqalar va qandolat mahsulotlari bo‘yicha nazorat xaridi o‘tkazildi.
Jumladan,
“Asl Choy”, “Severon” va “Aqlvoy” salqin ichimlik mahsulotlari “UzTest” DMdan sinovdan o‘tganda mikrobiologik ko‘rsatkichlar talablariga ko‘ra nomuvofiq deb topilgan. Shuningdek, “Woom” idish yuvish vositasi mahsulotlari bo‘yicha Farg‘ona filiali sinov laboratoriyasi bergan tahliliga ko‘ra, vodorod ionlarining ko‘rsatkichlari bo‘yicha nomuvofiq deb topilgan.
Mazkur holat yuzasidan hududiy boshqarmaning Maxsus komissiyasi tomonidan mazkur to‘rtta ishlab chiqaruvchi korxona tomonidan O‘zbekiston Respublikasi “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunning 4-6-11-12-20-moddalari talablari buzilgan deb topilib, belgilangan tartibda ish qo‘zg‘atildi hamda korxonalarga nisbatan bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar berildi. Sifatsiz mahsulotlarni ishlab chiqarilishi to‘xtatildi.
Ma’lumot o‘rnida. “Bolalar ozuqalari” va qandolat mahsulotlari mahsulotlar namunalari bo‘yicha laboratoriya tahlil ishlari davom etmoqda.