Respublika bo‘ylab savdo xizmatlari bo‘yicha iste’molchilardan kelib tushayotgan murojaatlar doimiy ravishda o‘rganilib, ularning huquqlari himoya qilinmoqda.
Jumladan,
Andijon viloyati misolida
Hududiy boshqarmaga fuqaro A.Q. dan “Imkon” savdo markazidan televizor olganligi, 1 oy o‘tar-o‘tmas televizor ishlamay qolganligi hamda 1-yil kafolat va servis xizmati bo‘lsada, bepul ta’mirlab yoki almashtirib berilmaganligi to‘g‘risida murojaat kelib tushdi.
Mazkur murojaat Andijon viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan o‘rganilib, iste’molchining roziligi asosida nosoz televizor ta’mirlatib berilishi ta’minlanib, murojaat ijobiy hal etildi.
Jizzax viloyati misolida
Hududiy boshqarma tomonidan O‘zbekiston Respublikasi “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonuniga rioya etilishi yuzasidan elektron maxsus axborot portalidagi ma’lumotlardan foydalangan holda doimiy monitoring o‘tkazilmoqda.
Monitoring jarayonida Forish tuman hokimligi obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan etender.uzex.uz maxsus axborot portali orqali shina xarid qilish bo‘yicha boshlang‘ich narxi 50,0 mln so‘mlik tanlov savdolarida “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonunning 29-moddasi talablari buzilganligi aniqlandi.
O‘rganish natijalari bo‘yicha qonunbuzilish holatlari yuzasidan belgilangan tartibda ish qo‘zg‘atilib, qonunbuzilishlarni bartaraf qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi va tegishli mas’ullarga ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirildi.
Sirdaryo viloyati misolida
Hududiy boshqarmaga fuqaro M.A. “KIA” salonidan K5 rusumli avtomashinani muddatli to‘lov (rassrochka)ga olish uchun shartnoma tuzganligi, ammo mashinani oldi va orqa tomonida nuqsoni bor ekanligi aniqlangan, shu sababli to‘langan mablag‘ni qaytarilishida amaliy yordam so‘rab murojaat qoldirgan.
Murojaat yuzasidan hududiy boshqarma tomonidan “Uzum nasiya” (“KIA”) avtosalon xodimlari bilan tushuntirish ishlari olib borildi va natijada fuqaro bilan tuzuigan shartnoma bekor qilinib, to‘langan pullari qaytarib berilishi ta’minlandi va iste’molchining buzulgan huquqlari tiklandi.
Surxondaryo viloyati misolida
Hududiy boshqarma tomonidan fuqaro Sh.B.ning «Uzum nasiya» orqali rus tili kitobiga buyurtma berganligi, lekin rus tili kitobi o‘rniga arab tili kitobi yuborilganligi sababli, kitobni rus tili kitobiga almashtirib berishni so‘rab, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti ishonch telefoni orqali qilingan murojaati o‘rganib chiqildi.
Murojaatni o‘rganish natijasida, fuqaro Sh.Bga sotuvchi tomonidan rus tili kitobi yetkazib berilishi ta’minlanib, murojaat ijobiy hal etildi.
Toshkent shahar misolida
Hududiy boshqarmaga fuqaro D.L. tomonidan “Grand Pharm Trade” MChJga qarashli dorixonadan xarid qilingan tanometrda ishlab chiqaruvchi tomonidan nuqson aniqlanganligi to‘g‘risida murojaati kelib tushgan.
Hududiy boshqarma tomonidan olib borilgan o‘rganish ishlari natijasida, nosoz holatdagi tanometr yangisiga almashtirib berildi va murojaat ijobiy hal etildi.