Respublika bo‘ylab savdo va kommunal xizmatlar bo‘yicha iste’molchilarning huquqlari himoya qilinmoqda
Raqobat qo‘mitasi tomonidan respublikaning hududlar kesimida fuqarolardan kelib tushayotgan murojaatlar doimiy ravishda o‘rganilib, tahlil qilish ishlari olib borilib, iste’molchilarning qonuniy huquqlari himoya qilinmoqda.
Jumladan,
Navoiy viloyati misolida
Navoiy shahrida istiqomat qiluvchi fuqaro G.A. Navoiy shahrida faoliyat ko‘rsatayotgan o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatuvchi “Paynet” shoxobchasi orqali uy internetiga 132 ming so‘m miqdorida to‘lovni amalga oshiradi. Ammo hisob raqamdagi xatolik sababli to‘langan mablag‘ uning hisob raqamiga tushmaganligi va ushbu mablag‘ni qaytarilishida amaliy yordam berishni so‘rab hududiy boshqarmaga murojaat qilgan.
Murojaatni o‘rganib chiqish natijasiga ko‘ra, “Paynet” MChJga “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonun talablari tushuntirilgandan so‘ng, fuqaroga to‘lov xizmat ko‘rsatuvchi tomonidan to‘liqligicha qaytarib berilishi ta’minlandi.
Qashqadaryo viloyati misolida
Qarshi shahrida istiqomat qiluvchi fuqaro J.G. Qarshi shahrida joylashgan “ALLONOV” MChJdan 1 dona 2 800 000 so‘mga aviachipta xarid qilgan. Ammo ayrim sabablarga ko‘ra manziliga bora olmadi. Natijada to‘langan pullarni qaytarish uchun aviakassaga murojaat qilgan bo‘lsada, muammo hal bo‘lmaganligi yuzasidan hududiy boshqarmaga murojaat qilgan.
Murojaat bo‘yicha hududiy boshqarma tomonidan olib borgan ishlar natijasida “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunining 21-moddasiga asosan aviachipta uchun amalga oshirilgan to‘lov to‘liq qaytarib berilishi ta’minlandi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi misolida
Kegeyli tumanida istiqomat qiluvchi D.Q. “MIR SOLAR ENERGY” MChJ tomonidan o‘rnatilgan quyosh paneli sifatsiz o‘rnatilganligidan noroziligini bildirib, qo‘mitaga murojaat qilgan.
Qo‘mita tomonidan murojaatda keltirilgan masala yuzasidan o‘rganish ishlari olib borilishi natijasida “MIR SOLAR ENERGY” MChJga “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonun talablari tushuntirilib, korxona tomonidan fuqaroning uyiga o‘rnatilgan quyosh panelidagi nosozliklar hal qilinishi ta’minlandi va murojaati ijobiy hal qilindi.