Respublika bo‘ylab savdo, transport, uy-joy va kommunal xizmatlari bo‘yicha iste’molchilardan kelib tushayotgan murojaatlar doimiy ravishda o‘rganilib, ularning huquqlari himoya qilinmoqda
Andijon viloyati misolida:
Iste’molchi “My Teacher” o‘quv markaziga ta’lim olish maqsadida 4 200 000 so‘m miqdoridagi to‘lov amalga oshirgan.
Biroq keyinchalik o‘qish istagidan qaytganligi sababli tuzilgan shartnomani bekor qilib, o‘qish uchun to‘langan miqdoridagi pul mablag‘ini qaytarib olishlik uchun amaliy yordam so‘ragan.
Iste’molchi va “My Teacher” o‘quv markazi bilan tuzilgan shartnoma bekor qilinib, to‘langan miqdoridagi pul mablag‘i iste’molchiga qaytarildi va murojaat ijobiy hal etildi.
Buxoro viloyati misolida:
Iste’molchi Xalq bankiga tegishli bo‘lgan bankomatdan naqd pul olmoqchi bo‘lib, plastik kartadan 750 000 so‘m pul mablag‘i yechib olinganligi, ammo naqd pul berilmaganligi, bankka murojaat qilgan bo‘lsada, bank tomonidan pul mablag‘lari qaytarib berilmaganligi bo‘yicha murojaat qoldirgan.
Natijada, murojaatchiga “Xalq banki” ATB Buxoro viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan yechib olingan 750 000 so‘m pul mablag‘lari qaytarib berilishi ta’minlandi.
Farg‘ona viloyati misolida:
Fuqaro X.G. «Uzum Market» mobil ilovasi orqali kiyim-kechak xarid qilgan, biroq, yetkazib berilgan mahsulot o‘lchami va ko‘rinishi bo‘yicha mos kelmagani sababli, u tovarni belgilangan qoidalarga muvofiq ravishda qaytaradi.
Murojaat mutaxassislar tomonidan o‘rganilib, iste’molchiga kiyim uchun to‘lagan pul mablag‘i to‘liq ravishda qaytarib berilishi ta’minlandi.
Jizzax viloyati misolida:
Fuqaro R.U. Ipoteka bank Jizzax filialidan avtokredit olganligi, shartnoma bo‘yicha har oyning 7-sanasiga to‘lov kuni belgilanganligi, ammo fuqaroning ish haqi har oyning 10-sanasidan keyin tushishi, oylik tushguniga qadar qo‘shimcha penya hisoblanayotganligi sababli bank krediti to‘lov sanasini 10-sanadan keyingi kunlarga belgilab berilishida amaliy yordam so‘rab murojaat etgan.
Natijada to‘lash sanasi har oyning 15-sanasiga o‘zgartirib berilib, ushbu murojaat iste’molchi foydasiga ijobiy hal etildi.