Respublika bo‘ylab savdo, bank va aloqa xizmatlari bo‘yicha iste’molchilardan kelib tushayotgan murojaatlar doimiy ravishda o‘rganilib, ularning huquqlari himoya qilinmoqda.
Jumladan, Navoiy viloyati misolida Navoiy shahrida istiqomat qiluvchi fuqaro X.N. “HUMANS” aloqa operatoriga tegishli mobil raqamni 2 yil muddatga bo‘lib to‘lash sharti bilan olganligi, to‘lovlarni har oy to‘lab borganligi va 2025 yil iyul oyida shartnoma muddati tugagan bo‘lsada, operator mobil ilovasida fuqaroga 380 000 so‘m miqdorida qarzdorlik hisoblanganligi yuzasidan Navoiy viloyati hududiy boshqarmasiga murojaat qilgan.
Mazkur murojaat hududiy boshqarma tomonidan o‘rganib chiqildi va natijada fuqaroga “HUMANS” MCHJ tomonidan asossiz hisoblangan qarzdorlik bartaraf etilishi ta’minlandi. Qashqadaryo viloyati misolida Shahrisabz tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro S.A. “UZUM” market onlayn do‘koni orqali shartnoma asosida telefon sotib olganligi, ammo telefon apparati hech qancha vaqt o‘tmasdan sifatsizligi sababli to‘langan 3 500 000 so‘m mablag‘ni qaytarilishi yuzasidan hududiy boshqarmaga murojaat yo‘lladi.
Murojaatni o‘rganish natijasida, fuqaroga sifatsiz mahsulot uchun to‘lagan pul mablag‘i to‘liq qaytarilishi ta’minlandi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi misolida Nukus shahrida istiqomat qiluvchi fuqaro 1053 taksi xizmatida ishlashini, mijoz tomonidan Nukus shahrida joylashgan “Universam Market” savdo do‘konidan mahsulot buyurtma qilganligini, mijozga mahsulotni olib borganida mijoz mahsulotni rad etganligini, murojaatchi mahsulotga 111 000 so‘m to‘lov amalga oshirganligini bildirib, pulini qaytarib olish bo‘yicha qo‘mitaga murojaat qilgan.
Qo‘mita tomonidan olib borilgan ishlar natijasida “Universam Market” savdo do‘koni tomonidan fuqaroga oldindan to‘langan pul mablag‘i qaytarib berilishi ta’minlandi. Samarqand viloyati misolida Fuqaro Sh.Sh “Uzum bank” orqali pul almashtirish amaliyotini amalga oshirgan, ammo o‘tkazilgan amaliyot amalga oshirilmasdan fuqaro o‘z mablag‘larini qaytarib ololmayotganidan norozilik bildirib, murojaat qoldirgan.
Mazkur holat yuzasidan hududiy boshqarma olib borgan ishlari natijasida “Uzumbank” tomonidan ko‘rsatilmagan xizmat uchun olingan 520 ming so‘m mablag‘ fuqaroga to‘liq qaytarib berilishi ta’minlandi. Sirdaryo viloyati misolida Boyovut tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro D.A. «O‘zbektelekom» AK Sirdaryo filialiga internet tarmog‘iga ulanish uchun 200 ming so‘m to‘lovni amalga oshirganligi, biroq tarmoqqa ulab berilmaganligi tufayli to‘langan 200 ming so‘m mablag‘ini qaytarib berilishi yuzasidan hududiy boshqarmaga murojaat yo‘lladi.
Murojaat hududiy boshqarma olib borgan ishlari natijasida «O‘zbektelekom» AK Sirdaryo filiali tomonidan fuqaroning pul mablag‘i qaytarib berilishi ta’minlandi