Respublika bo‘ylab iste’molchilardan kelib tushayotgan murojaatlar doimiy ravishda o‘rganilib, ularning huquqlari himoya qilinmoqda
Murojaatlar hududlar kesimida
Surxondaryo viloyati
Hududiy boshqarma “Surxondaryo suv ta’minoti” AJ tomonidan iste’molchilarga yetkazib berilayotgan ichimlik suvining sifati yuzasidan o‘rganish o‘tkazdi. Unda Angor tumanidagi Tallashqon, Navro‘z, Gurzor va Qorasuv MFYlarida yashovchi 390 dan ortiq aholi yashovchi xonadonlarga jami 4 000 000 so‘mga yaqin sanitariya talablariga javob bermaydigan 869 m3. iste’molga yaroqsiz ichimlik suvi yetkazib berilganligi aniqlandi. Maxsus komissiya tomonidan “Surxondaryo suv ta’minoti” AJga “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonun talablari buzilgan deb topilib, tegishli ko‘rsatma berilgan.
Jizzax viloyati
Hududiy boshqarma tomonidan “Jizzax suv ta’minoti” AJning Paxtakor tuman filiali faoliyati o‘rganilganda 2025-yilning yanvar-mart oylarida “Paxtakor 2-suv to‘plash va uzatish” inshootidan aholiga 445 m³ iste’molga yaroqsiz ichimlik suvi yetkazib berilgani aniqlandi. Bu holat bo‘yicha Maxsus komissiya ish qo‘zg‘atib, 1 958 000 so‘m miqdoridagi mablag‘ni 40 nafar iste’molchining foydasiga qayta hisoblab chiqish va kelgusida bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha ko‘rsatma berdi.
Farg‘ona viloyati kommunal
Hududiy boshqarmaga Qo‘qon shahrida yashovchi fuqaro F.A.ning yo‘llagan murojaatida xonadonga elektr energiyasi uchun yangi hisoblagich o‘rnatilgan bo‘lib, bir kun o‘tib ishlamay qolgani, elektr ta’minoti korxonasi mazkur muammoni bartaraf etmayotgani bildirilgan.
O‘rganishlar natijasida Qo‘qon shahar elektr ta’minoti korxonasi tomonidan fuqaro xonadonidagi nosoz bo‘lgan hisoblagich o‘rniga yangi zamonaviy elektr hisoblagich almashtirib berilishi ta’minlandi.
Andijon viloyati
Hududiy boshqarmaga Oltinko‘l tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro Sh.N. tomonidan suv sportiga ixtisoslashgan “Yanbo” sport maktabi faoliyati bilan bog‘liq e’tiroz bildirilgan murojaati yuzasidan o‘rganishlar olib borildi.
O‘rganishlar natijasida fuqaroning farzandi sog‘ligi yomonlashgani uchun mashg‘ulotlarda qatnasha olmagani sababli sport maktabi o‘rtasida tuzilgan shartnoma bekor qilinib, unga to‘langan 315 000 so‘m miqdoridagi pul mablag‘i iste’molchiga qaytarib berilishi ta’minlandi.
Samarqand viloyati
Hududiy boshqarma tomonidan olib borilgan o‘rganishlarda “OPTOVIK PREMIUM” MChJ tomonidan reklama joyining pasportini rasmiylashtirmagan holda binosiga o‘rnatgani ma’lum bo‘ldi.
Mazkur holat yuzasidan tegishli ta’sir choralari qo‘llanildi hamda “Reklama to‘g‘risida”gi qonun buzilishiga yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risida ko‘rsatma berildi.