Respublika bo‘ylab iste’molchilardan kelib tushayotgan murojaatlar doimiy ravishda o‘rganilib, ularning huquqlari himoya qilinmoqda
Qashqadaryo viloyati misolida
Fuqaro X.N. «Uzum Nasiya» MChJ faoliyatidan norozi bo‘lib, hududiy boshqarmaga murojaat qildi.
Fuqaro 10 000 000 so‘mlik kondisioner va muzlatgich buyurtma qilgan bo‘lib, tovar o‘z vaqtida yetkazilmaganiga qaramay, shartnoma asosida 3 500 000 so‘m mablag‘ kartasidan yechib olingan.
O‘rganish natijasida iste’molchining huquqlari buzilgani aniqlanib, mazkur mablag‘ to‘liq qaytarildi va shartnoma bekor qilindi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi
Raqobat qo‘mitasiga Xo‘jayli tumani fuqarosi G.T. tomonidan “Ray” xotin qizlar saloni kosmetologining xizmatidan norozilik bildirilgan murojaat kelib tushdi.
Qo‘mita tomonidan masala o‘rganilib, kosmetologga qonun talablari tushuntirildi. Natijada, fuqaroning plastik kartasiga 2 600 000 so‘m pul mablag‘i qaytarilishi ta’minlandi.
Samarqand viloyati misolida
Fuqaro M.Nasritdinova O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga “Ishonch telefoni” orqali murojaat qilib, “Uzum Nasiya” MChJ do‘konidan xarid qilgan mahsulot uchun to‘langan 285 000 so‘m pulni o‘z vaqtida qaytarishda muammo borligini bildirgan.
Hududiy boshqarma tomonidan o‘tkazilgan tekshiruv natijasida, pul mablag‘i to‘liq fuqaroga qaytarildi va murojaat ijobiy hal qilindi.
Sirdaryo viloyati misolida
Fuqaro G‘. Egamberdiyevning tabiiy gaz ta’minotidan asossiz qarzdorlik hisoblanganligi bo‘yicha hududiy boshqarmaga yo‘llagan murojaati o‘rganildi.
Tekshiruv davomida “Hududgaz Sirdaryo” GTFning O‘zbekiston Respublikasi “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunining 19-21-moddalariga zid harakatlari aniqlandi.
Hududiy boshqarma tomonidan tegishli choralar ko‘rilgan bo‘lib, 17,8 mln so‘m miqdoridagi noreal qarzdorlik qayta hisob-kitob qilinishi va bekor qilinishi bo‘yicha majburiy ko‘rsatma berildi.
Surxondaryo viloyati misolida
Fuqaro M.X. “UZUM” market onlayn do‘koni orqali videoproyektor sotib olgan, ammo mahsulot tezda nosoz bo‘lganligi sababli 1 500 000 so‘m mablag‘ni qaytarish bo‘yicha hudduiy boshqarmaga murojaat qildi.
O‘rganish natijasida O‘zbekiston Respublikasi “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonuni 19-moddasiga muvofiq, sifatsiz mahsulot yangisiga almashtirildi va murojaat ijobiy hal qilindi.
Toshkent shahar misolida
Fuqaro Sh.Azamov tomonidan Chilonzor tuman issiqlik tarqatish bo‘limi tomonidan 2019-yilda 6 500 000 so‘m asossiz qarzdorlik hisoblanganligi va ushbu qarz 2020-yilgacha shakllangani haqida hududiy boshqarmaga murojaat kelib tushdi. Fuqaro qarzdorlik qayta hisoblanmaganini va tegishli hujjatlarsiz sudga ariza topshirilganini bildirib, chora ko‘rishni so‘radi.
Hududiy boshqarma tomonidan “Veolia Energy Tashkent” MChJ XK bilan birga o‘rganish ishlari olib borildi. Javob xatida qarzdorlik asosli ekani ma’lum qilindi. Biroq, O‘zbekiston Respublikasi “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunining 21-moddasi ikkinchi qismi talablari buzilganligi sababli, mazkur kompaniyaga nisbatan tegishli ish qo‘zg‘atildi.
Natijada, Sh.Azamovga nisbatan hisoblangan 6 600 000 so‘mdan ortiq miqdoridagi asossiz qarzdorlik bekor qilindi.
Toshkent viloyati misolida
Fuqaro 2025-yil fevral oyida elektr ta’minotidagi kuchlanish sabab hisoblagich va jihozlari yonib ketgani, shuningdek, laboratoriya tekshiruvidan o‘tkazilganiga qaramasdan 11 mln so‘m asossiz qarzdorlik hisoblangani haqida hududiy boshqarmaga murojaat qildi.
Hududiy boshqarma va mutaxassislar tomonidan o‘rganish natijasida mazkur qarzdorlik bekor qilindi va murojaat ijobiy hal etildi.
Xorazm viloyati misolida
Fuqaro R.Sharipov maishiy chiqindilarni o‘z vaqtida olib ketishda kamchiliklar sababli, ko‘rsatilmagan oylar uchun qayta hisob-kitob qilinishini so‘rab hududiy boshqarmaga murojaat qildi.
O‘rganishlar natijasida “Toza Hudud” DMga qonuniy talablar tushuntirildi va fuqaroga 150 000 so‘m asossiz to‘lov qaytarildi.