Respublika bo‘ylab iste’mol bozorida o‘tkazilgan nazorat xaridlari doimiy ravishda o‘tkazilib borilmoqda
Andijon viloyati misolida
Hududiy boshqarma ish rejasiga asosan, vakolatli tashkilotlar bilan hamkorlikda viloyatdagi bir qator dorixonalar va savdo do‘konlarida nazorat xaridlari amalga oshirildi.
Nazorat xaridlari chog‘ida mahsulotlarning yaroqlilik muddati, qadoqlanishi va markirovkalari ko‘zdan kechirildi.
Jumladan, dorixonalardan:
«Deksametazon», «Forxiga», «Pulmisorn», «Brilinta», «Simbikort» kabi dori vositalari;
Savdo do‘konlaridan esa:
“ADMIRAL elite”, “MUBINA”, “ALTIN DAN” nomlari ostida ishlab chiqarilgan oliy navli un mahsulotlari xarid qilinib, sifat tahlillari uchun laboratoriyaga jo‘natildi.
Tekshiruv natijalari qonun talablari asosida baholanadi.
Buxoro viloyati misolida
Qo‘mita tasdiqlagan reja-grafik asosida, O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi, Viloyat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi hamda hududiy boshqarma hamkorligida navbatdagi nazorat xaridlari amalga oshirildi.
Nazorat xaridlari doirasida mahalliy va import bug‘doy uni mahsulotlaridan belgilangan tartibda namunalar olinib, ularning sifat ko‘rsatkichlarini o‘rganish maqsadida tegishli laboratoriyalarga yuborildi. Tekshiruv natijalari qonunchilikka muvofiq tarzda baholanadi.
Farg‘ona viloyati misolida
2025-yil iyul–avgust oylarida hududiy boshqarma tomonidan savdo do‘konlarida nazorat xaridlari amalga oshirildi.
Nazorat xaridlari jarayonida ChINBOY brendidagi «PROVANSAL» mayonez va MONARX brendidagi «DARXAN» ketchupidan namunalar olinib, laboratoriyaga yuborildi. Tahlillar natijasiga ko‘ra, mahsulotlar sanitariya talablariga javob bergan, zaharli moddalar me’yorda ekanligi aniqlangan.
Shu bilan birga, texnik jihatdan tartibga solish qonunchiligi buzilgani qayd etilgan va mas’ul korxonalar bo‘yicha tegishli organlarga materiallar yuborilgan.
Qo‘shimcha ravishda, Dolina Clean Rapers gigiyenik vositasi, ICE is Nice muzqaymog‘i va MORS ichimligi bo‘yicha ham nazorat xaridlari o‘tkazilib, tahlil natijalari kutilmoqda. Nazorat xaridlari aholi salomatligini muhofaza qilish maqsadida davom ettirilmoqda
Jizzax viloyati misolida
O‘zbekiston Respublikasining mikronutriyent yetishmasligini bartaraf etishga oid qonun va qarorlariga muvofiq, aholi sog‘lig‘ini mustahkamlash hamda kamqonlikning oldini olish maqsadida Jizzax viloyatida avgust oyida navbatdagi nazorat xaridlari amalga oshirildi.
Nazorat xaridlarida Jizzax shahri “Eski shahar” dehqon bozoridagi savdo do‘konlaridan “Don non”, “Mohtob” va “Buyuk” nomli 1-navli bug‘doy unlaridan namunalar olinib, ularning vitamin-mineral aralashmalar bilan boyitilganligi va sifat talablariga muvofiqligini baholash uchun laboratoriyaga yuborildi.
Nazorat xaridlari aholini sifatli va xavfsiz oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash maqsadida davom ettirilmoqda.
Namangan viloyati misolida
Hududiy boshqarma va Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik boshqarmasi mutaxassislari bilan hamkorlikda navbatdagi nazorat xaridlari o‘tkazdi.
Nazorat xaridlarida Namangan shahridagi savdo shoxobchalarida sotilayotgan “MO‘TABAR” va “SALAMAT” brendi ostidagi bug‘doy uni mahsulotlaridan namunalar olinib, sifat va xavfsizlik talablariga muvofiqligini aniqlash maqsadida laboratoriyaga yuborildi.
Ayni paytda ushbu mahsulotlar yuzasidan qo‘shimcha tahlil va o‘rganish ishlari davom ettirilmoqda.