Respublika bo‘ylab aksiyadorlik jamiyatlari faoliyatida iste’molchilarga yetkazilayotgan zararlar bo‘yicha kelib tushayotgan murojaatlar doimiy ravishda o‘rganilib, ularning huquqlari himoya qilinmoqda
🔘Samarqand viloyati misolida Hududiy boshqarmaga “Uzum Market” MCHJ tomonidan ijaradagi noturar joy uchun asossiz hisoblangan 40,2 mln so‘mlik elektr energiyasi to‘lovi yuzasidan murojaat kelib tushgan.
Murojaat asosida olib borilgan o‘rganish natijasida, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Samarqand filiali tomonidan qo‘llangan qarzdorlik noreal deb topilib, qayta hisob-kitob amalga oshirildi.
🔘Toshkent viloyati misolida Hududiy boshqarmaga kelib tushgan murojaatda fuqaro “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ tasarrufidagi “So‘qoq” o‘rmon xo‘jaligiga kirish to‘lovi belgilangan 18 750 so‘mdan asossiz ravishda 50 ming so‘mga oshirilganidan norozilik bildirgan.
Qonunchilik talablariga zid holat bo‘yicha hududiy boshqarma tomonidan o‘rganish o‘tkazilib, maxsus komissiya qaroriga asosan fuqarodan ortiqcha olingan 32 ming so‘mga yaqin bo‘lgan mablag‘ni qaytarish hamda boshqa iste’molchilarga jami 21 mln so‘mdan ziyod mablag‘ni qayta hisoblash yuzasidan ko‘rsatma berildi.
🔘Xorazm viloyati misolida Hududiy boshqarmaga fuqaro Gulasal Egamova tomonidan tabiiy gaz uchun asossiz 2.1 mln so‘mlik qarzdorlik hisoblanayotgani yuzasidan murojaat kelib tushdi.
O‘rganishlar davomida holat tasdiqlanib, “Hududgazta’minot” AJ Xorazm filialiga qonun talablari asosida tushuntirish berildi va qarz miqdori qayta hisob-kitob qilindi.
Boshqarma aralashuvi bilan iste’molchining huquqlari tiklandi.
🔘Jizzax viloyati misolida Hududiy boshqarmaga 2024 yil dekabr oyi va 2025-yilning yetti oyi davomida Jizzax viloyatining turli tuman va shaharlaridan suyultirilgan uglevodorod gaz yetkazib berilmayotgani yuzasidan iste’molchilardan murojaatlar kelib tushdi.
O‘rganish jarayonida “Hududgaz Jizzax” AJ filiali tomonidan gaz belgilangan jadval va shartlar asosida yetkazib berilmayotgani, shu bilan birga, iste’molchilar o‘z vaqtida xabardor qilinmayotgani aniqlandi va natijada, filialga qonunbuzilishlarni bartaraf etish va gazni o‘z vaqtida yetkazib berish yuzasidan ko‘rsatma berildi.
🔘Navoiy viloyati misolida Hududiy boshqarma tomonidan birja savdolari bo‘yicha o‘tkazilgan o‘rganishlar jarayonida “Qiziltepa un zavodi” AJ 2025 yil iyun-iyul oylarida bug‘doy unini birja orqali sotishda belgilangan jadvallarni ishlab chiqmagani va tovar xom-ashyo birjasining rasmiy veb-saytiga joylashtirmagani aniqlandi.
Bu holat Vazirlar Mahkamasining 170-sonli qarori va “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonun talablarini buzish sifatida baholanib, hududiy boshqarma Maxsus komissiyasi tomonidan korxonaga nisbatan ish qo‘zg‘atildi va qonunbuzilishni bartaraf etish yuzasidan bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatma berildi.
🔘Qashqadaryo viloyati misolida Hududiy boshqarma tomonidan etender,uzex,uz platformasi orqali o‘tkazilgan davlat xaridlari o‘rganildi va «Dehqonobod kaliy zavodi» AJ tomonidan 240 mln so‘mlik loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish bo‘yicha o‘tkazilgan tanlovda ishtirok etgan 2 tadbirkorlik subyekti o‘zaro affillangan (ota-bola) ekanligi aniqlandi.
Bu holat “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi hamda “Raqobat to‘g‘risida”gi qonun talablarini buzgan holda amalga oshirilgani sababli, zavodga nisbatan ish qo‘zg‘atilib, qonunbuzilishni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rsatma berildi va mas’ul shaxsga ma’muriy jazo choralari qo‘llanildi.








