RASMIY MUNOSABAT
Reklamalarda ona sutining o‘rnini bosuvchi mahsulotlarni reklama qilish taqiqlanadi
O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi “Media24uz” telegram kanalida 2024-yil 30-iyul kuni telekanallarda tarqatilayotgan reklamalarga oid tanqidiy mazmundagi maqola yuzasidan (https://t.me/media24uz quyidagilarni ma’lum qiladi.
O‘zbekiston Respublikasi “Reklama to‘g‘risida”gi Qonunning 36-moddasiga muvofiq, ona sutining o‘rnini bosuvchi mahsulotlarni reklama qilish taqiqlanadi.
Qo‘mita o‘z vakolatlari doirasida ommaviy axborot vositalarida joylashtirilgan reklamani amaldagi reklama to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari talablariga mosligi yuzasidan doimiy ravishda o‘rganish va tahlillar olib borilmoqda.
Xususan, reklama to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga rioya etilishi bo‘yicha o‘tkazilgan o‘rganish va tahlillar natijasi shuni ko‘rsatmoqdaki, tijorat telekanalari orqali 2020-yildan 2024-yilning 6 oyi davomida jami bo‘lib 2 1376 daqiqa, O‘zbekiston MTRK tarkibiga kiruvchi telekanallar orqali jami bo‘lib 1 0478,2 daqiqa ona sutiga, ona sutining o‘rnini bosuvchi mahsulotlarga qo‘shimcha sifatida go‘daklar va kichik yoshdagi bolalar rasioniga kiritiladigan qo‘shimcha oziq-ovqat mahsulotlari haqidagi reklama axborotlari tarqatilganligi ma’lum bo‘ldi.
Bunda, telekanallarda 12 oydan 5 yoshgacha bo‘lgan bolalar ozuqalarining (NAN 3, NAN 4, NESTOGEN 3, Nuppi Gold 3, Malyutka 3, Malyutka 4, Agusha, Fruto Nanya) reklamasi joylashtirilgan.
Shuningdek, internet va ijtimoiy tarmoqlarda ona sutining o‘rnini bosuvchi hamda ona sutiga, ona sutining o‘rnini bosuvchi mahsulotlarga qo‘shimcha sifatida go‘daklar va kichik yoshdagi bolalar rasioniga kiritiladigan qo‘shimcha oziq-ovqat mahsulotlari haqida reklama axborotlarinig tarqatilishi holati o‘rganilganda, bola tug‘ilgandan boshlab berilishi mumkin bo‘lgan ona sutining o‘rnini bosuvchi mahsulotlarni reklama qilish holatlari kuzatildi.
Hozirda Qo‘mita tomonidan mazkur reklama axboroti yuzasidan tegishli o‘rganish ishlari olib borilayotganligini va o‘rganish yakunlari bo‘yicha qo‘shimcha axborot berilishini bildiramiz.