O‘zbek tili – milliy o‘zligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli. Shu bois, Prezidentimiz O‘zbek tili bayrami kuni munosabati bilan xalqimizga yo‘llagan bayram tabrigida ham mamlakatimizda o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi o‘rni va ahamiyatini oshirish, uni zamon talablari asosida rivojlantirish masalasi milliy o‘zligimizni anglash, millat ruhini saqlab qolish, yorug‘ kelajagimizni ta’minlashning eng muhim omili ekanini alohida ta’kidladi.
Shu o‘rinda aytish kerakki, 2022-yil yangi tahrirda qabul qilingan “Reklama to‘g‘risida”gi qonunga davlat tiliga oid norma kiritildi. Qonunning 6-moddasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi hududida reklama O‘zbekiston Respublikasining davlat tilida tarqatiladi.
Reklama mazmunining tarjimasi quyidagi talablarga rioya etgan holda boshqa tillarda takror berilishi mumkin:
– reklama mazmunining boshqa tillardagi tarjimasi matni uning O‘zbekiston Respublikasi davlat tilidagi asosiy ma’nosini buzib ko‘rsatmasligi kerak;
– tashqi reklama orqali joylashtiriladigan reklamaning boshqa tillardagi tarjimasi matni O‘zbekiston Respublikasi davlat tilidagi reklama matnining pastki qismida gorizontal holda joylashtirilishi va umumiy reklama maydonining qirq foizidan oshmasligi kerak;
– reklamaning boshqa tillardagi tarjimasi matni harfining o‘lchami O‘zbekiston Respublikasi davlat tilidagi reklama matni harfining o‘lchamidan kichik bo‘lishi kerak;
– tele va radiokanallarda, shuningdek, bosma nashrlarda tarqatiladigan reklamaning boshqa tillardagi tarjimasi har kungi umumiy reklama hajmining yigirma foizidan oshmasligi kerak.
Bundan tashqari, “Davlat tili haqida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining 20-moddasiga asosan, lavhalar, e’lonlar, narxnomalar va boshqa ko‘rgazmali hamda og‘zaki axborot matnlari davlat tilida rasmiylashtirilishi va e’lon qilinishi belgilangan.
Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi hamda mutasaddi tashkilotlar tomonidan doimiy ravishda reklamalarning davlat tili qoidalariga muvofiqligini ta’minlash yuzasidan bir qator chora-tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda.
Xususan, hududlarda joylashgan tashqi reklama ob’ektlaridagi reklamalarning davlat tili qoidalariga mosligini o‘rganish yuzasidan 9,5 mingga yaqin monitoring o‘tkazildi.
Shundan 35 foiz holatda reklamalar “Reklama to‘g‘risida”gi qonunda belgilangan davlat tiliga oid talablarga muvofiq emasligi aniqlangan va ularni tezkor bartaraf etish choralari ko‘rilgan. 16 foiz holatda reklamaning matni boshqa tillarda berilgan. Shuningdek, 17 foiz reklama va e’lonlar matnida imloviy va lug‘aviy xatolar mavjudligi kuzatilgan.
Mazkur talablardan kelib chiqqan holda, o‘tkazilgan o‘rganishlarda davlat tilidan boshqa tillarda aks ettirilgan va imloviy xatolarga yo‘l qo‘yilgan holatlarni bartaraf etish, umuman, davlat tili va reklama to‘g‘risidagi qonunchilikka qat’iy rioya etilishi yuzasidan 1 600 dan ortiq tadbirkorlik sub’ektlariga rasmiy ogohlantirish taqdim etildi va ular bilan o‘tkazilgan tushuntirish profilaktika ishlari natijasida kamchiliklar ixtiyoriy ravishda bartaraf etilishi ta’minlandi.
Shu bilan birga, joriy yilning avgust–sentyabr oylarida Toshkent shahri va viloyatidagi tashqi yozuvlar, xususan, peshlavha, reklama va boshqa e’lonlar, axborot matnlarining davlat tili va reklama to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari talablariga muvofiqligini o‘rganish bo‘yicha Ishchi guruhlar tomonidan bevosita joyiga chiqqan holda har bir tuman bo‘yicha o‘rganish olib borildi.
Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, bugungi kunda reklama faoliyatini tartibga solishda ayrim muammolar saqlanib qolmoqda. Jumladan, qonunchilikda davlat tiliga doir talablar mavjud bo‘lsa-da, mazkur talablarni buzganlik uchun javobgarlik nazarda tutilmagan. Bu holat esa, o‘z navbatida, reklama beruvchilar tomonidan qonun talablariga to‘liq rioya etilmasligiga olib kelmoqda. Buning natijasida shahrimiz ko‘chalarida betartib joylashtirilgan, turli-tuman ajnabiy tillarda yozilgan reklama va boshqa tashqi yozuvlar ko‘payib bormoqda.
Shu o‘rinda A.Qahhorning “Nima uchun ko‘cha harakati qoidasini buzgan kishiga militsiya hushtak chaladi-yu, butun bir tilni buzayotgan odamlarga hech kim hushtak chalmaydi?”, degan so‘zlari yodimizga tushadi.
Shuning uchun Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi tomonidan reklamani tayyorlash, joylashtirish va tarqatishdagi munosabatlarni tartibga solish, yuqoridagi kabi qonunbuzilish holatlarining oldini olish, mamlakatimizda davlat tilining nufuzi va mavqeini yana-da oshirish, reklama berishda davlat tiliga doir talablarni buzganlik uchun fuqaro va mansabdor shaxslar uchun ma’muriy javobgarlik belgilash maqsadida “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqilib, jamoatchilik muhokamasiga havola etildi.
Loyihada davlat tiliga doir talablarni buzganlik uchun fuqaro va mansabdor shaxslar uchun ma’muriy javobgarlik belgilash, bunda, tashqi yozuvlar, xususan, peshlavha, reklama va boshqa e’lonlar, axborot matnlarining lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida taqdim etish shartligi talablari belgilanmoqda.
Bunda, albatta, reklamalarni davlat tili bilan birga boshqa tillarda ham berish mumkin, bunga hech qanday to‘siqlar yo‘q. Faqatgina, qonunning 6-moddasida belgilanganidek, reklama mazmunining boshqa tillardagi tarjimasi matni uning davlat tilidagi asosiy ma’nosini buzib ko‘rsatmasligi, davlat tilidagi reklama matnining pastki qismida gorizontal holda joylashtirilishi, boshqa tillardagi tarjima matni harfining o‘lchami davlat tilidagi reklama matni harfining o‘lchamidan kichik bo‘lishi kabi talablarga rioya qilinishi kerak.
Binobarin, ulug‘ shoirimiz Erkin Vohidov aytganidek, “Ona tili – umummillat mulki. Demak, til oldidagi mas’uliyat ham umummilliy bo‘lib, bu yolg‘iz tilshunoslarning emas, butun millatning ishi” ekanini doimo yodda tutishimiz lozim.
Asadulla QAYUMOV,
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi raisi o‘rinbosari