Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi “Reklama to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining ijro etilishi holatini nazorat-tahlil tartibida o‘rganish yakunlariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi.
Yig‘ilishda televideniyedagi reklamaga oid normalar ijrosi, mazkur sohadagi reklama faoliyat subyektlari tomonidan reklama to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etilishi holati, reklamaning aylanishi sohasidagi vakolatli davlat organi tomonidan qonun buzilishlarini oldini olish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, televideniyedagi reklama boshqa dasturlardan o‘zining boshlanishi va oxirida audio-, video-, aralash vositalar yoki boshlovchilarning sharhlari yordamida ajratib qo‘yilishi holati yuzasidan joriy yilning o‘tgan davrida o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida 15 ta holatda reklama bloklari teleboshlovchilarning sharhlarisiz joylashtirilgani kuzatilgan.
Shuningdek, teleko‘rsatuvlar (konsert-tomosha va sport dasturlari, kino- va telefilmlar) namoyishi davomida (oralig‘ida) bir nechta reklama bloklarini joylashtirilishi bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlarda keskin muhokamalarga va keng jamoatchilikning haqli e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda. Joriy yilning iyul-avgust oylarida esa 8 ta telekanaldan reklama uchun ajratilgan efir vaqtining kunlik hajmiga 15 foiz nisbatan qo‘yilgan talablarga rioya qilinmagan.
Muhokamalar davomida deputatlar bugungi kunda teledasturlarning reklama qismlari (bloklari) tovushining teledasturlarga nisbatan me’yordan balandroq berilishi holatlari kuzatilayotgani va bu teletomoshabinlarning e’tiroziga sabab bo‘layotganini qayd etdilar.
Ularning aytishicha, reklama qonunchiligida reklamani tovushiga nisbatan qat’iy me’yorlar belgilangan bo‘lsa-da, ayrim telekanallar tomonidan reklama bloklarida joylashtirilgan reklamaning tovushi teledastur va teleko‘rsatuv tovushiga nisbatan balandroq qilib berilmoqda.
Qo‘mita a’zolari ayrim telekanallar (“ZO‘R TV”, “Mening Yurtim”, “FTV”) tomonidan joylashtirilgan reklamani tovushi boshqa teledasturlarga nisbatan oshib ketgani kuzatilganini aytib, bu borada qanday choralar ko‘rilmoqda, deya mutasaddilarga murojaat qildi.
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi mas’ullari ushbu savolga javob berar ekan, reklamani tovushiga nisbatan belgilangan me’yorlar (cheklovlar)ga rioya etmagan telekanallarga nisbatan ogohlantirish xatlari yuborilganini bildirdi.
Yig‘ilishda reklama qilinishi taqiqlangan yoki alohida tartibi mavjud reklama axboroti haqida ham so‘z yuritildi. Bu borada amalga oshirilayotgan ishlar xususida fikr almashildi.
Dori vositalari, biologik faol qo‘shimchalar (BFQ) va boshqa (ozdiruvchi, semirtiruvchi) preparatlarga oid tovarlar reklamasini qonunchilik talablariga mosligi yuzasidan o‘tkazilgan o‘rganishlarda 809 ta, xalq tabobati tovarlari reklamasini qonunchilik talablariga mosligi yuzasidan o‘tkazilgan o‘rganishlarda 29 ta, energetik ichimliklarning reklamasini qonunchilik talablariga mosligi yuzasidan o‘tkazilgan o‘rganishlarda 133 ta qonun buzilishi holatlari aniqlangan va O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi tomonidan ogohlantirishlar berilgan.
Reklama qonunchiligi buzganligiga qaramasdan vakolatli davlat organi o‘z vakolatlaridan to‘liq foydalanmagan hamda aniqlangan qonun buzilish holatlari bo‘yicha rasmiy ogohlantirishlar berish bilan cheklangan. Buning natijasida qonun buzilishi holatlari takrorlanmoqda.
Teatr-konsert tadbirlari reklamasini iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va reklama to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari talablariga, shu jumladan, teatr-konsert tadbirlarida fonogrammadan foydalanilganda ushbu tadbir reklamasida bu haqda ma’lumot taqdim etilishi yuzasidan o‘tkazilgan o‘rganishlarda 6 ta kamchiliklar hal etilgan.
Qizg‘in savol-javoblar davomida deputatlar tomonidan televideniye orqali tarqatilayotgan reklamaning davomiyligiga qo‘yilgan talabga rioya etilishi, reklama faoliyat subyektlari tomonidan televideniyeda reklamani tarqatishning taqiqlangan usullaridan foydalanish, televideniye orqali tarqatilayotgan reklamada voyaga yetmaganlar huquqlarini ta’minlash talablariga rioya etilishi holati yuzasidan qator savollar berildi.
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi mas’ullari ko‘tarilgan har bir savol bo‘yicha asoslantirilgan javoblar berdilar.
Yig‘ilish yakunida kun tartibidagi masala yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi.