Raqobat qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida, “MARKETPLACE TRADING” AJ tomonidan Toshkent shahridagi tashqi reklama obyektida e’lon qilingan “Sello Pay” – pul o‘tkazmalari uchun «0 %” mazmunidagi reklama joylashtirilganligi kuzatildi.
Shuningdek, “MARKETPLACE TRADING” AJning rasmiy veb-saytida “Sello Pay” mobil ilovasi orqali plastik kartalarga pul o‘tkazmalari bo‘yicha aksiya 2024-yil 1-iyuldan boshlanishi, mazkur aksiya shartlariga ko‘ra identifikatsiyadan o‘tgan barcha foydalanuvchilar uchun dastlabki uch oy uchun amal qilishi, komissiyasiz oylik o‘tkazma summasi limiti 3 000 000 so‘mni tashkil etishi va oylik o‘tkazma summasi ushbu limitdan oshib ketgan taqdirda 1% miqdorida o‘tkazma komissiyasi olinishi belgilangan. Ammo, mobil ilova pul o‘tkazmalari reklamasida ushbu aksiya shartlari to‘g‘risida muhim ma’lumotlar berilmaganlik holatlari aniqlandi.
Yuqoridagilarga ko‘ra, Qo‘mita Maxsus komissiyasi tomonidan “Reklama to‘g‘risida”gi Qonunning 16, 21 va 43 moddalari va “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunning 7-moddasi talablari buzilish alomatlari yuzasidan “MARKETPLACE TRADING” AJga nisbatan ish qo‘zg‘atilib, natijasi yuzasidan belgilangan tartibda moliyaviy jarima qo‘llanildi.
Shuningdek, qonunbuzilish holatini bartaraf etish va kelgusida unga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha ko‘rsatma berildi.