Reklama qonunchiligi buzilishi yuzasidan 4 ta korxonaga nisbatan moliyaviy jarima qo‘llanildi
Raqobat qo‘mitasining hududiy boshqarmalari tomonidan tegishli sohalardagi faoliyat yurituvchi subyektlar tomonidan “Reklama to‘g‘risida”gi Qonun talablariga rioya etilishini ta’minlash maqsadida respublika bo‘ylab tizimli monitoring ishlari amalga oshirilmoqda.
Jumladan,
Samarqand viloyati
Samarqand shahrida faoliyat ko‘rsatayotgan “KIWI GOLD TRADE” MChJga qarashli KIWI supermarketi hamda “AZIZ AMIRA GOLD” MChJga qarashli Islombek Zoloto nomi ostidagi zargarlik do‘koni tomonidan binoning old qismi va davlat mulki bo‘lgan yer uchastkasida tashqi reklama o‘rnatish huquqini olmasdan, shuningdek, reklama tiliga oid talablarga rioya etmagan holda tashqi reklamalar o‘rnatilganlik holatlari aniqlandi.
Buxoro viloyati
Viloyatda faoliyat yuritayotgan “ROAD STAR TRANS” MChJ hamda “SHIDDAT MOTORS” MChJ tomonidan o‘rnatilgan tashqi reklama obyekt (konstruksiyasi)larida reklama joyining pasporti mavjud bo‘lmaganligi holatlari aniqlandi.
Yuqoridagi aniqlangan holatlar yuzasidan Qo‘mitaning hududiy boshqarma Maxsus komissiyalari tomonidan 4 ta korxonaga (“KIWI GOLD TRADE”, “AZIZ AMIRA GOLD”, “ROAD STAR TRANS” va “SHIDDAT MOTORS” MChJlar) nisbatan “Reklama to‘g‘risida”gi Qonunining tegishli moddalari talablari buzilishi yuzasidan ishlar qo‘zg‘atilib, ishni ko‘rib chiqish yakunlari bo‘yicha moliyaviy jarimalar qo‘llash haqida qarorlar qabul qilindi.
Shuningdek, qonunbuzilish holatini bartaraf etish va kelgusida yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar berildi.








