Reklama qonunchiligi buzilishi yuzasidan 3 ta korxonaga nisbatan tegishli choralar ko‘rildi
Raqobat qo‘mitasining hududiy boshqarmalari tomonidan tegishli sohalarda faoliyat yuritayotgan subyektlar tomonidan “Reklama to‘g‘risida”gi Qonun talablariga rioya etilishini ta’minlash maqsadida respublika bo‘ylab tizimli monitoring ishlari amalga oshirilmoqda.
Jumladan,
Buxoro viloyati
Viloyatda faoliyat yuritayotgan “ORIENT SPARKLE” MCHJ tomonidan Buxoro shahri, B.Naqshband ko‘chasi yo‘l yoqasida o‘rnatilgan tashqi reklama obyekti (konstruksiyasi)da reklama joyining pasporti mavjud bo‘lmaganligi holati aniqlandi.
Samarqand viloyati
Samarqand shahrida faoliyat ko‘rsatayotgan “Sam-Ros-Stroy” MCHJ tomonidan binoning old qismi va davlat mulki bo‘lgan yer uchastkasida tashqi reklama o‘rnatish huquqini olmasdan, shuningdek reklama tiliga oid talablarga rioya etmagan holda tashqi reklamalar o‘rnatilganligi aniqlandi.
Toshkent viloyati
Hududiy boshqarmaga kelib tushgan murojaat asosida “Glamur Gold” MCHJ faoliyati o‘rganildi. O‘rganishlar davomida korxona tomonidan ijtimoiy tarmoqlarida hamda qurilayotgan uy-joy majmuasi hududida joylashtirilgan tashqi reklamalar orqali ko‘p kvartirali uylar reklamasi targ‘ib etilganligi aniqlandi.
O‘rganishlar davomida O‘zbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, mazkur jamiyat ko‘p kvartirali uylarni ulush kiritish asosida qurish jarayonlarini tartibga soluvchi elektron platformada qurilish-pudrat tashkiloti sifatida ro‘yxatdan o‘tmaganligi hamda jamiyat tomonidan tarqatilgan reklamada haqiqatga mos kelmaydigan ma’lumotlar berilib, amalda qurib bitkazilgan ko‘p kvartirali uylar reklamalarda ko‘rsatilgan holatdan farq qilishi, shu orqali nomaqbul (noto‘g‘ri, insofsiz va chalg‘ituvchi) reklama tarqatilganligi aniqlandi.
Yuqoridagi aniqlangan holatlar yuzasidan Qo‘mitaning hududiy boshqarmalari Maxsus komissiyalari tomonidan 3 ta korxonaga (“ORIENT SPARKLE”, “Sam-Ros-Stroy” va “Glamur Gold” MCHJlar) nisbatan “Reklama to‘g‘risida”gi Qonunning tegishli moddalari talablari buzilishi yuzasidan ishlar qo‘zg‘atilib, moliyaviy jarimalar qo‘llanildi hamda qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish hamda kelgusida bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar berildi.








