O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi tomonidan joriy qilingan «Biz sizni eshitamiz» loyihasi doirasida mutasaddi vazirlik va idoralar, reklama bozorining yirik subyektlari, tashqi reklama va axborot obyektlari (konstruksiyalari) egalari, reklama agentliklari, reklama beruvchi va tarqatuvchilar, ommaviy axborot vositalari uchun “Reklama bozorini rivojlantirishning yangi bosqichlari” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.
USHBU TADBIRDA JAMOATCHILIK KENGASHI AʼZOLARI ISHTIROK ETISHDI
Mazkur tadbirda tadbirkorlar va xorijiy investorlar ishtirokida reklama bozorini rivojlantirishda to‘siq bo‘layotgan omillar ko‘rib chiqildi va ularni bartaraf etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi hamda ularni amalga oshirish tizimini yo‘lga qo‘yilishi belgilab olindi.
Mamlakatimizda tashqi reklama sohasining huquqiy asoslari mustahkamlanib borayotgani, eng avvalo, odamlarning yashash sharoitlarini yaxshilash, inson qadrini ulug‘lash, muhimi, mamlakatda ishbilarmonlik va investitsiya muhitini yanada yaxshilashga xizmat qiladi.
Ma’lumki, 2023-yil 1-dekabrdan boshlab tashqi reklama bozori ishtirokchilari uchun teng sharoitlar yaratish hamda sohada shaffoflikni ta’minlashga qaratilgan “Tashqi reklama” raqamli monitoring elektron tizimi joriy etiladi. Davlat mulki bo‘lgan yer uchastkalari, binolar hamda inshootlarda yangi o‘rnatiladigan tashqi reklama va axborot obyektlarini (konstruksiyalarini) qurish huquqi uchun elektron onlayn-auksion yakunlari bo‘yicha to‘lov hamda tashqi reklama va axborot obyektlarida (konstruksiyalarida) tashqi reklamani joylashtirish (tarqatish) uchun yig‘im o‘rniga miqdori ochiq elektron auksion savdolari orqali belgilanadigan tashqi reklama va axborot obyektini (konstruksiyasini) o‘rnatish va unda reklamani joylashtirishga bo‘lgan huquq uchun yagona oylik yig‘im joriy etiladi.
Shu bilan bir qatorda davlat mulki bo‘lgan yer uchastkalarida, bino hamda inshootlarda tashqi reklama va axborot obyektlari (konstruksiyalari) uchun reklama joyining pasporti hamda ularni o‘rnatish uchun shartnomalar ommaviy oferta shaklida “E-auksion” elektron savdo platformasining yagona elektron savdo maydonchasida auksion g‘olibiga avtomatik tarzda beriladigan bo‘ldi.
Bundan tashqari, xususiylashtirilgan, ijaraga berilgan yoki nodavlat tashkilotlarga doimiy foydalanish huquqi asosida tegishli bo‘lgan yer uchastkalarida, shuningdek, xususiy mulk bo‘lgan binolar va inshootlarda hamda transport vositalarida (yo‘nalishlardagi avtobuslar bundan mustasno) tashqi reklama va axborot obyektlarini (konstruksiyalarini) joylashtirish huquqini beruvchi reklama joyining pasporti O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali axborot tizimi orqali beriladi.
Joriy yilning 31-avgustida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Tashqi reklama va ijtimoiy axborotning aylanish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishni yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qabul qilingan 428-sonli qarori yuqoridagi maqsadlarga yo‘naltirilgan.
Davra suhbatida Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi raisi Sh.Sharaxmetov, Qo‘mita rais o‘rinbosari A.Qayumov, Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari – Raqamli rivojlanish departamenti direktori A.Xen, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti direktori N.Xolbo‘taev va Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari o‘rinbosari F.Jo‘raqulovlar tomonidan tashqi yozuvlar, xususan, peshlavha, reklama va boshqa e’lonlar, axborot matnlarining davlat tili to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari talablariga muvofiqligini ta’minlash, “Tashqi reklama” raqamli monitoring elektron tizimining qulayliklari va imkoniyatlari hamda reklamaning aholini ijtimoiy-iqtisodiy hayotdagi tutgan o‘rni haqida ma’lumotlar berildi. Tashqi reklamani tartibga solish sohasida uchrayotgan kamchilik va muammolar va ularni yechimlari bo‘yicha taklif va mulohazalar ham bildirildi.
Ma’lumot o‘rnida. Bugungi kunda respublikamizda 16 832 ta (shundan 11 144 tasi yoki 66 % Toshkent shahrida) tashqi reklama va axborot obyektlari mavjud.
O‘tkazilgan xatlovlar natijasiga ko‘ra 9 905 tasi (58,8 foizi) (shundan Toshkent shahrida 6 004 ta) belgilangan talablarga mos emasligi, shundan 3 082 tasi (31,1 foizi) (shundan, Toshkent shahrida 2 984 ta) noqonuniy (hech qanday hujjatlarsiz) joylashtirilgani ma’lum bo‘lgan.
Shundan, 4 646 ta tashqi reklama obyektlari bo‘yicha ularda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish va qaror talablariga moslashtirish, yoki ixtiyoriy ravishda demontaj qilish yuzasidan tegishli hokimliklar tomonidan konstruksiya egalariga 1 825 ta ko‘rsatma xatlari kiritilgan.
Vazirlar Mahkamasining 2023-yil II-yarim yillik Ish rejasiga muvofiq, Toshkent shahridagi tashqi yozuvlar, xususan, peshlavha, reklama va boshqa e’lonlar, axborot matnlarining davlat tili va reklama to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari talablariga muvofiqligini o‘rganish belgilangan bo‘lib, mazkur topshiriq ijrosini ta’minlash maqsadida, Qo‘mita, Toshkent shahar va tumanlar hokimlarining ma’naviyat va davlat tili masalalari bo‘yicha maslahatchilari, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi mas’ul xodimlaridan iborat Ishchi guruhlar hamda muvofiqlashtiruvchi respublika shtabi tashkil etildi.
Ishchi guruh tomonidan joriy yilning avgust oyida bevosita joyiga chiqqan holda har bir tuman bo‘yicha o‘rganish ishlari olib borildi.
Bunda, Toshkent shahrida tashqi reklama obyektlaridagi reklamalarning davlat tilida bo‘lishini ta’minlash yuzasidan jami 745 ta monitoringlar o‘tkazilgan.
Shundan, 159 ta (21,3 foiz) holatda reklamaning, 339 ta holatda (45,5 foiz) peshlavhalarning va 39 ta (5 foiz) holatda boshqa e’lon va matnlarni boshqa tillarda berilganligi aniqlangan.
Ishchi guruhlar tomonidan tegishli ishlar amalga oshirilishi natijasida tadbirkorlik subyektlari tomonidan aniqlangan kamchiliklar yuzasidan 108 ta holatda kamchiliklar ixtiyoriy bartaraf etilib, qolgan kamchiliklarni bartaraf etilishi bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berilgan.