Kun.uz rasmiy kanali orqali eʼlon qilingan “Tibbiyotda yangi monopoliya? 178 ta laboratoriya bitta operatorga berildi” sarlavhali maqolasi yuzasidan Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi quyidagilarni maʼlum qiladi.
Toshkent shahri va Toshkent viloyatidagi 178 ta laboratoriya bitta operator – “Intermed Innovation”ga berilgani yuzasidan “VITROS DIAGNOSTICS” MChJ va bir qator tadbirkorlar tomonidan Qoʻmitaga qilgan murojaatlari va bir necha marotaba ular bilan oʻtkazilgan suhbatlar asosida, taqdim etilgan hujjat va maʼlumotlarga asosan Raqobat va tabiiy monopoliyalar toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzilishi yuzasidan Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasining Maxsus komissiyasi tomonidan “Raqobat toʻgʻrisida”gi Qonunining 23-moddasi talablari buzilganligi holati boʻyicha Sogʻliqni saqlash vazirligiga nisbatan 2022-yil 29-aprel kuni 17/20-sonli ish qoʻzgʻatilgan.
Qoʻzgʻatilgan ishni koʻrib chiqish jarayonida Sogʻliqni saqlash vazirligi mutasaddi xodimlari tomonidan Toshkent shahri va Toshkent viloyatidagi 178 ta laboratoriyalarni bitta operator – “Intermed Innovation”ga berilishi bilan bogʻliq barcha asoslantiruvchi hujjat va maʼlumotlar taqdim etildi va ushbu hujjatlarga asosan Qoʻmita tomonidan bugungi kunda qayta oʻrganish ishlari boshlandi.