O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi Begzod To‘revning Facebookdagi sahifasida 2024 -il 24 aprel kuni “Bolajon” telekanalida joylashtirilgan “Элевит® Пронаталь” reklamasiga oid e’tirozi yuzasidan quyidagilarni ma’lum qiladi.
O‘zbekiston Respublikasi “Reklama to‘g‘risida”gi Qonunining 17-moddasiga asosan, reklamada voyaga yetmaganlarning iste’mol qilishi taqiqlangan tovarlarni iste’mol qilayotgan yoki ulardan foydalanayotgan voyaga yetmaganlarning tasvirlaridan foydalanish, shuningdek voyaga yetmaganlar olishi yoki iste’mol qilishi taqiqlangan tovarlarni voyaga yetmaganlar uchun mo‘ljallangan telekanallarda, teleko‘rsatuvlar va radioeshittirishlarda reklama qilish taqiqlanadi.
Shuningdek, ushbu Qonunning 16-moddasiga ko‘ra, bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish to‘g‘risidagi qonunchilikda (https://lex.uz/docs/3333797) nazarda tutilgan hollarda axborot mahsulotini yosh tasnifini ko‘rsatilishi lozim.
“Элевит® Пронаталь” dori vositasi uning tibbiyotda qo‘llash yo‘riqnomasiga muvofiq, kattalarga mo‘ljallanganligi va shifokor retseptisiz berilishi qayd etilgan.
Qo‘mita tomonidan olib borilgan tushuntirish va profilaktika ishlari natijasida ushbu dori vositasini “Bolajon” telekanalida joylashtirilishi to‘xtatildi.