Ijtimoiy tarmoq orqali (https://www.facebook.com) UZUM marketdan xarid qilingan elektron soatning uch kunda nosozligi ma’lum bo‘lgani, uni diagnostikadan o‘tkazib olish uchun rasmiylashtirib olib qolishgan, ammo 20 kundan keyin haqiqatan ham ishlab chiqarishdagi nuqsoni borligi, endilikda unga to‘langan pulni qaytarib olishda muammoga uchrayotgan fuqaroning posti qoldirilgan.
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi mazkur murojaat yuzasidang quyidagilarni ma’lum qiladi.
O‘rganishlar davomida fuqaro farzandiga sovg‘a sifatida xarid qilgan soat sifatsiz chiqqani, ammo uni pulini qaytarishda bankda ovoragarchilikka duch kelib, muammosi hal etilmagani aniqlandi. Soat kafolat muddatida ta’mirlatib berilmagan, sifatlisiga almashtirilmagan, puli ham qaytarilmagan. Shundan so‘ng UZUM market sotuvchisi xodimga O‘zbekiston Respublikasi “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunda iste’molchi tovar (ish, xizmat)ni erkin tanlash va uning tegishli darajada sifatli bo‘lishiga talab qo‘yishga haqli ekanligi, shuningdek, nuqsonli tovar sotilganda iste’molchi, agar bu hol shartnoma tuzish paytida aytib o‘tilmagan bo‘lsa, o‘z xohishiga qarab quyidagilardan birini talab qilishga haqli, ya’ni tovarni ayni shunday markali (modelli, artikulli) maqbul sifatli tovarga almashtirib berish, tovarni boshqa markali (modelli, artikulli) shunday tovarga almashtirib, uning xarid narxini tegishincha qayta hisob-kitob qilish, tovarning nuqsonlarini bepul bartaraf etish yoki iste’molchining yoxud uchinchi shaxsning nuqsonlarni bartaraf etishga qilgan xarajatlarini qoplash, xarid narxini nuqsonga mutanosib ravishda kamaytirish, shartnomani bekor qilib, ko‘rilgan zararni qoplash kabi huquqlarga ega ekanligi haqida tushuntirishlar berildi. Bundan tashqari, iste’molchi maqbul sifatli nooziq-ovqat tovarini xarid qilgan kunidan e’tiboran o‘n kun ichida ushbu tovar sotib olingan joydagi sotuvchidan uni ayni shunday tovarga almashtirib olishga bunday tovar sotuvda bo‘lmasa, pulini qaytarib olishga haqli.
O‘rganish natijasiga ko‘ra iste’molchiga UZUM market tomonidan nuqsonli elektron soat uchun to‘langan 255 ming 780 so‘m qaytarilishi ta’minlandi.