Rasmiy munosabat
Ijtimoiy tarmoq orqali (https://www.facebook.com/watch/?v=1159169078407094)
“Assalomu alaykum ANTIKORRUPSIYA OAVsi tahririyati, men «BO‘STONTRANSSERVIS» MChJ rahbari M.Q.Xudaybergenov bo‘laman. Sizdan quyidagi murojaatim bo‘yicha jurnalistik surishtiruvi o‘tkazib, tushunmovchiliklarga aniqlik kiritilishida amaliy yordam berishingizni so‘rayman” mavzuida tanqidiy maqola joylashtirilgan.
Mazkur murojaat yuzasidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi tomonidan murojaatda keltirilgan holatlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Transport vazirligidan olingan ma’lumotlarga asosan o‘rganib chiqildi.
O‘rganishda 2024-yil 8-yanvar kuni shahar, shahar atrofi, shaharlararo yo‘nalishlarini biriktirib berish bo‘yicha elektron tender tanlovi bo‘lganligi va savdoga qo‘yilgan EYT-244-sonli “Beruniy AS-Bo‘ston AS” yo‘nalishli yengil taksi yo‘nalishi g‘olibi “Bo‘stontransservis” MChJ tomonidan 23,57 ball to‘plab tender g‘olibi deb topilganligi ma’lum bo‘ldi.
Shuningdek, joriy yilning 11-yanvar kuni “Bo‘stontransservis” MChJning tender takliflarining haqqoniyligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Transport vazirligi xodimlari tomonidan o‘rganilganda yo‘nalishlarda ishlayotganda harakatlanish xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha qatnashuvchi tomonidan amalga oshirilgan tadbirlar rejasining taklif etilgan barcha avtotransport vositalarining old oynalariga videoregistrator o‘rnatilganligi bo‘yicha taklif kiritilganligi lekin, takliflarni o‘rganish davomida avtotransport vositalari videoregistratorlar bilan to‘liq ta’minlanmaganligi aniqlangan.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 6-dekabr kungi 738-son qarori bilan tasdiqlangan Nizomning 46-bandida “Ushbu bandda nazarda tutilgan holatlardan biri yoki bir nechtasining haqiqiyligini tasdiqlanmasa, tashuvchining keltirilgan ma’lumotlarning haqiqiyligini tasdiqlanmagan mezon bo‘yicha to‘plagan barcha ballari bekor bo‘ladi” deb ko‘rsatilgan.
Shu munosabat bilan, “Bo‘stontransservis” MChJning to‘plagan 23,57 ballaridan 4 ball kamaytirilgan va tender g‘olibligi bekor qilingan hamda 21,15 ball to‘plagan “Kran Stroy Rua” MChJga g‘oliblik o‘tgan.
Jumladan, murojaatda keltirilgan 3 ball olib tashlanganlik holati o‘rganilganida Vazirlik xodimi N.Maxammetdinov tomonidan ma’lumotlarni elektron bazaga yuklashda hatolikka yo‘l qo‘yganligi sabab bo‘lgan hamda olib tashlangan 3 ball qayta hisoblanib, kamchiliklar bartaraf qilingan ma’lum bo‘ldi.
“Kran Stroy Rua” MChJning tender takliflarining haqiqiyligi o‘rganilganda avtotransport vositalarini qatnovdan avval texnik ko‘rikdan va haydovchilarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish uchun shart-sharoitlari yaratilmaganligi aniqlangan hamda to‘plagan 21,15 ballaridan 2 ball kamaytirilib, g‘oliblik bekor qilingan.
Natijada, 2024-yil 25-yanvar kuni avtomat elektron baza orqali “Bo‘stontransservis” MChJ 19,57 ball bilan g‘oliblikni qayta qo‘lga kiritgan.
Ammo, tender taklifida ko‘rsatilgan Kobalt rusumli, davlat raqami 95 A933KA avtotransport vositasining litsenziya kartochkasi muddati 2024-yil 17-yanvar kuni tugaganligi sababli elektron baza tomonidan avtomat ravishda “Bo‘stontransservis” MChJning tender g‘olibligi bekor qilinib, yakunda “Kran Stroy Rua” MChJ tender g‘olibi deb topilib, oferta shartnomasi tuzilgan.
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 6-dekabrdagi 738-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizomning 50-bandida “Tender g‘olibi tomonidan lot bo‘yicha taklif qilingan avtotransport vositalarining har biri uchun litsenziya varaqalari sakkiz kun muddat ichida rasmiylashtirilib bo‘lishi lozim” deb ko‘rsatilgan.
Shu bilan birga mazkur Nizom talablarida yuqorida qayd etilganidek, g‘oliblik tashkilotga ikkinchi marotaba berilganida yangidan muddat berilishi yoki boshqa holatlar yuzasidan qo‘shimcha talablar kiritilmaganligi ma’lum bo‘ldi.
Murojaatda keltirilgan ikkinchi holatda joriy yilning 8-yanvar kuni tender tanlovida qo‘yilgan EYT-201-sonli “Bo‘ston AC-Axunboboev uchastka-2” yo‘nalishli yengil taksi yo‘nalishi g‘olibi “Akbar xuja” MChJ tomonidan 28 ball to‘plab tender g‘olibi deb topilgan.
Joriy yilning 16-yanvar kuni “Akbar xuja” MChJning tender takliflarining haqqoniyligi o‘rganish davomida, “Akbar xuja” MChJning avtotransport vositalarini qatnovdan avval texnik ko‘rikdan va haydovchilarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish uchun shart-sharoitlari yaratilmaganligi aniqlangan va bu bo‘yicha ma’lumotlar elektron platformaga yuklangan va ushbu mezon bo‘yicha belgilangan 4 ball avtomatik tarzda kamaytirilgan. Kamaytirilgandan so‘ng, “Akbar xuja” MChJning ballari elektron platformada avtomatik tarzda hisoblanib, 24 ball bilan tender g‘olibi deb topilgan.
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 6-dekabrdagi “Avtomobil transportida yo‘lovchi tashish yo‘nalishlari bo‘yicha ochiq tenderlarni elektron tarzda tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 738-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizom asosida o‘tkazilganligi ma’lum qilgan.
Raqobat qo‘mitasi murojaatda keltirilgan holatlarni o‘rganish natijasida mazkur Nizomning 37-bandiga asosan qatnashchilardan tender bo‘yicha kelib tushgan takliflar avtomatik tarzda baholanishi ko‘rsatib o‘tilganligi sababli ushbu tender savdolarining o‘tkazilishi jarayonida raqobatni cheklaydigan holatlar kuzatilmaganligini ma’lum qilamiz.