Ijtimoiy tarmoq orqali “Farg‘ona viloyati transport boshqarmasining noqonuniy tender bo‘yicha xatti xarakatlari.” mavzuida Uchko‘prik tumanidan ro‘yxatdan o‘tgan “Zero trans Ideal” MChJ O‘zbekiston Respublikasi transport vazirligi Farg‘ona viloyat hududiy boshqarmasida o‘tkazilgan tender savdolari yuzasidan postini qoldirgan.
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi Farg‘ona viloyati hududiy boshqarmasi mazkur murojaat yuzasidan quyidagilarni ma’lum qiladi.
Hududiy boshqarma O‘zbekiston Respublikasi transport vazirligi Farg‘ona viloyat hududiy boshqarmasida o‘tkazilgan tender savdolari yuzasidan yo‘llagan murojaatini vakolat doirasida o‘rganib chiqdi. Unda bugungi kunda Buvayda tumani markazi Yangiqo‘rg‘on shaharchasi va Uchko‘prik tumanida joylashgan Uchko‘prik avtostansiyasi oralig‘ida harakatlanadigan bir-birini 50%dan ko‘p bosib o‘tayotgan jami 6 ta, 2 ta avtobus va 4 ta yo‘nalishli taksi qatnovi mavjudligi ma’lum bo‘ldi. Bundan tashqari, ShYT-535-son “Qo‘qon Yangi bozor – Yangiqo‘rg‘on avtostansiyasi” shahar atrofida taksi yo‘nalishi harakat davomida bosib o‘tayotgan Uchko‘prik 4R-260 (Alisher Navoiy ko‘chasi) va 4K-886 (Yakkamulla Yoyilma) yo‘llarini bog‘lovchi Uchko‘prik tumani Qirqlar qishlog‘i orqali o‘tuvchi ichki yo‘l holati bo‘yicha (yo‘l ta’mirtalab bo‘lganligi sababli) tegishli tashkilotlarning xulosasi berilmagan.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 6-dekabrdagi 738-sonli “Avtomobil transportida yo‘lovchi tashish yo‘nalishlari bo‘yicha ochiq tenderlarni elektron tarzda tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida 2022-yil 1-martdan boshlab shahar, shahar atrofi, shaharlararo va xalqaro yo‘lovchilar tashish yo‘nalishlarini biriktirish yuzasidan ochiq tenderlar faqat elektron axborot tizimi orqali o‘tkazilishi belgilangan. Tenderda belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi hududida ro‘yxatdan o‘tgan, tegishli ravishda avtomobil transportida shahar, shahar atrofi, shaharlararo va xalqaro yo‘lovchilar tashuvlarini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyaga ega bo‘lgan hamda elektron axborot tizimida ro‘yxatdan o‘tgan yuridik shaxslarning qatnashishiga yo‘l qo‘yilishi ko‘satilgan.
Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 4-noyabrdagi 482-sonli “O‘zbekiston Respublikasida Avtomobil transportida yo‘lovchilar va bagaj tashish qoidalarini hamda avtobuslarda yo‘lovchilar tashish xavfsizligini ta’minlashga doir talablarni tasdiqlash haqida”gi qarori 671-bandida – umumiy foydalaniladigan yo‘nalishlarni ochish, o‘zgartirish va yopishda “b” qismida shahar atrofi va viloyat ichi shaharlararo yo‘nalishlarda muntazam tashishni amalga oshirish niyatida bo‘lgan tashuvchilar va fuqarolarning arizalari inobatga olinishi ko‘rsatilgan.
Mazkur qarorning 672-bandida – Vakolatli organlar tomonidan mavjud yo‘nalishni ochish, o‘zgartirish yoki yopish to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqishda yo‘nalishlar tarmog‘ida olib borilgan o‘rganishlar asosida mavjud yo‘nalishlarni optimallashtirish zarurati shuningdek bir-birini takrorlovli yo‘nalishlarning mavjudligi (mavjud emasligi) e’tiborga olinishi ko‘rsatib o‘tilgan.
Yuqoridagilarga ko‘ra hamda Farg‘ona viloyati hokimining 2022-yil 26-yanvar kunidagi “Ochilishi rejalashtirilayotgan yo‘lovchi tashish yo‘nalishlarining harakat xavfsizligi talablariga muvofiqligini aniqlash bo‘yicha komissiya to‘g‘risida”gi qarori bilan tashkil etilgan Komissiyaning navbatdagi yig‘ilishida muhokama qilish uchun kiritilganligi va uning xulosasi asosida qaror qabul qilingandan so‘ng belgilangan tartibda tender savdolarida qatnashish mumkinligi ma’lum qilinadi.