Ijtimoiy tarmoqlar orqali e’lon qilingan “Ogoh bo‘ling! Bolalar uchun tayyorlangan ozuqani ham aldab sotishyapti” sarlavhali xabar yuzasidan, Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi quyidagilarni ma’lum qiladi:
– hozirgi vaqtda ushbu holat nazoratga olingan bo‘lib, tomonlarni sotuvchi XK “BALTON TRADING ASIA” MChJ hamda yetkazib beruvchi “KICHKINTOY BOLA BIZNES” XKlarni surishtiruv ishlariga jalb etgan holatda tegishli o‘rganish ishlari olib borilmoqda. Qo‘mita tomonidan o‘rganish yakunlari bo‘yicha, qo‘shimcha ma’lumot taqdim etiladi.
Shuningdek, bolalar uchun mo‘ljallangan oziq-ovqat mahsulotlarining sifati va xavfsizligi bo‘yicha Qo‘mita tomonidan manfaatdor vazirlik va idoralar (Texnik jihatdan tartibga solish agentligi va Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi) bilan hamkorlikda nazorat xaridi tadbirlari amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birgalikda, XK “Nestle Food” MChJ ham mazkur holat bo‘yicha o‘z vakolatlari doirasida keng qamrovli tekshirish ishlarini olib borayotgani ma’lum qilinadi.
O‘zbekiston Respublikasi “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunining:
6-moddasiga muvofiq, ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi) iste’molchiga o‘zi realizatsiya qilayotgan tovar (ish, xizmat)lar haqida o‘z vaqtida zarur, to‘g‘ri va tushunarli ma’lumot berishi shart. Bunda mazkur ma’lumot tovarlarning etiketkalarida, tamg‘alarida, texnik hujjatida yoki tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) ayrim turlari uchun qabul qilingan boshqa usulda iste’molchilarga yetkazilishi mumkin.
12-moddasiga muvofiq, iste’molchi o‘zi sotib olgan tovar (ish, xizmat) sanitariya-gigiyena, shu jumladan, radiologiya, epidemiyaga qarshi talablarga va amaldagi boshqa normalar hamda qoidalarga rioya etgan holda ishlab chiqarilgan yoki bajarilgan bo‘lishiga va uning hayoti, sog‘lig‘i, atrof-muhit uchun xavfsiz bo‘lishiga, shuningdek, uning mol-mulkiga zarar yetkazmasligiga kafolat berilishini talab qilish huquqiga ega.
Iste’molchilar diqqatiga: Qo‘mita tomonidan respublikamiz hududidagi savdo rastalarida o‘rganishlar davom ettirilishi ma’lum qilinadi va iste’molchilardan foydalanuvida bo‘lgan “NAN” mahsulotini qadog‘i bo‘yicha nomuvofiqliklar yoki shubha uyg‘ongan taqdirda 1159 qisqa raqamiga murojaat qilishlari mumkinligi eslatib o‘tiladi.