O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi ijtimoiy tarmoq orqali “Tarmoqda reklama qilingan gelni surtgan ayolim yurolmay qoldi” 2024 yil 12 yanvar kuni joylashtirilgan“SUSTAV GEL” mahsulotining reklamasi yuzasidan quyidagilarni ma’lum qiladi (https://t.me/eltuz2022/25974).
Xususan, “SUSTAV GEL” mahsuloti reklamasi bo‘rttiruvchi va chalg‘ituvchi iboralar asosida hamda ushbu mahsulot dori vositasi emasligi to‘g‘risidagi ogohlantirish matnisiz joylashtirilganligi kuzatilgan bo‘lib, ijtimoiy tarmoqlarda bu borada salbiy fikrlar bildirilgan.
O‘zbekiston Respublikasining “Reklama to‘g‘risida”gi Qonunining 35-moddasiga muvofiq, ovqatga qo‘shiladigan biologik faol qo‘shimchalarning va oziq-ovqat qo‘shimchalarining reklamasiga nisbatan qat’iy talablar belgilangan, jumladan, reklama qilinayotgan ushbu mahsulotlar iste’molchilarda ular dori vositalari hisoblanadi va (yoki) davolash xossalariga ega degan taassurotni uyg‘otmasligi;
ovqatga qo‘shiladigan biologik faol qo‘shimchalar va oziq-ovqat qo‘shimchalari reklamasi har bir holda reklama ob’ekti dori vositasi emasligi to‘g‘risidagi ogohlantirish bilan birga berilishi kabi talablar belgilangan.
Yuqoridagilarga ko‘ra, Qo‘mita tomonidan maqolada keltirilgan “SUSTAV GEL” mahsulotini ishlab chiqaruvchisi “DIMUZA” MChJga reklama qonunchiligi talablariga rioya etilishini ta’minlash hamda o‘z reklamalari mazmunini qonunchilik talablariga moslashtirish yuzasidan ko‘rsatma berilib, ijrosi nazoratga olinganligini ma’lum qilamiz.
O‘z navbatida, Qo‘mita tomonidan vakolati doirasida reklama qonunchiligi talablarini buzilishiga yo‘l qo‘ygan tadbirkorlik sub’ektlariga nisbatan belgilangan tartibda chora ko‘rilib, ushbu sohada qonunchilikka muvofiq nazorat olib borilishini ma’lum qilamiz.