Ijtimoiy tarmoq orqali https://t.me/Qoqonjonim_uzb/7558
“Qo‘qon shahar “Media Park” maishiy texnika sotish markazi mijozlarini kalaka qilmoqdami?” mavzuida iste’molchining posti qoldirilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi mazkur murojaat yuzasidan quyidagilarni ma’lum qiladi.
Murojaat Raqobat qo‘mitasining Farg‘ona viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan o‘rganib chiqildi. Unda 2023-yil 8-dekabr kuni soat 18:00 dan 23:59 gacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida “Mediapark” do‘konlarida katta chegirmali “Barakali tun” aksiyasi o‘tkazilgani ma’lum bo‘ldi. Ertasi kuni 9-dekabrda mahsulotlarga aksiya muddati tugaganligi sababli o‘rnatilgan narxnomalar mahsulotning haqiqiy narxiga o‘zgartirib chiqilgan.
O‘rganishlarda fuqaro aynan shu kuni soat 16:03 da “SAMSUNG” rusumidagi kir yuvish mashinasini 6 mln 48 ming so‘mga xarid qilgani, ammo oradan ikki soat vaqt o‘tgandan keyin xaridor ushbu tovarni “LG” rusumidagi kir yuvish mashinasiga almashtirib berishlarini so‘ragan. Ammo sotuvchi narxlar o‘rtasidagi tafovutni tushuntirib, bunga rozi bo‘lmaganligi, bu bilan savdo qoidalari buzilganligi aniqlangan.
O‘rganish jarayonida xaridor boshqa kir yuvish mashinasini olishni rad etdi. Savdo xodimiga O‘zbekiston Respublikasi “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonuni va boshqa me’yoriy hujjatlar haqida tushuntirish berildi. Natijada do‘kon tomonidan iste’molchiga tovar uchun to‘langan 6 mln 48 ming so‘m mablag‘ qaytarib berilishi ta’minlandi.