O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi jurnalist Shuhrat Shokirjonov kanalida 2023-yil 12-dekabr kuni e’lon qilingan “Bolajon” telekanalida joylashtirilgan reklamalarga oid e’tirozi (https://t.me/shokirjonov/5974?single) yuzasidan quyidagilarni ma’lum qiladi.
Mazkur axborotda (postda) “Bolajon” telekanalida ovozli tanishuv portali reklamasi joylashtirilganligi ma’lum qilingan.
O‘zbekiston Respublikasi “Reklama to‘g‘risida”gi Qonunining 17-moddasiga muvofiq, voyaga yetmaganlar olishi yoki iste’mol qilishi taqiqlangan tovarlarni voyaga yetmaganlar uchun mo‘ljallangan telekanallarda, teleko‘rsatuvlar va radioeshittirishlarda reklama qilish taqiqlangan.
Shuningdek, “Bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunning 16-moddasiga asosan, bolalarning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborot jumlasiga – bolalar o‘rtasida tarqatilishi taqiqlangan axborot mahsuloti, shuningdek, muayyan yosh toifalaridagi bolalar o‘rtasida tarqatilishi cheklangan axborot mahsuloti kiradi.
Bunda, bolalar (o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan (voyaga yetmagan) shaxslar) o‘rtasida tarqatilishi taqiqlangan axborot mahsuloti sifatida:
bolalarni ularning hayotiga va (yoki) sog‘lig‘iga xavf soladigan xatti-harakatlarni sodir etishga, shu jumladan o‘z sog‘lig‘iga zarar yetkazishga, o‘z joniga qasd qilishga va shunday harakatlarni targ‘ib qilishga undaydigan axborot mahsuloti kiradi.
O‘zbekiston MTRKdan taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, «Bolajon» telekanali tomonidan namoyish etilishi rejalashtirilgan «ma’lum raqamga qo‘ng‘iroq qilish orqali musiqa yuklab olishga» chorlovchi reklama o‘rniga texnik sababga ko‘ra, xuddi shu xronometrajdagi «tanishuvlar portali» reklamasi efirga uzatilganligi ma’lum qilingan.
Hozirda, ushbu xatolik bartaraf etilib, «tanishuvlar portali» reklamasi «Bolajon» telekanali efiridan to‘xtatilgan.