Ijtimoiy tarmoqda (https://t.me/komporuz/8120 ) “Toshkent suv ta’minoti” MChJ Chirchiq shahar filialiga ishlab turgan ichimlik suvini o‘lchash moslamasini davlat ko‘rigidan o‘tkazish uchun murojaat qilgandim (89640781). Tekshiruv natijasiga ko‘ra, foydalanishga yaroqsiz ekan. Hisoblagich 2014-yil 11-noyabrda o‘rnatilgan. Bundan chiqdi, aholi har 9 yilga yetmasdan yangi hisoblagich o‘rnatishi kerakmi?», mazmunida iste’molchining murojaati qoldirilgan.
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi mazkur murojaatni o‘rganib, quyidagilarni bildiradi.
Raqobat qo‘mitasi tomonidan olib borilgan o‘rganishlarda Toshkent viloyati Chirchiq shahrida istiqomat qiluvchi fuqaro suv hisoblagich uskunasini yechish, davriy qiyoslovdan o‘tkazish va o‘rnatish uchun “Toshkent suv ta’minoti” MChJ Chirchiq shahar filialiga ariza bergani va davriy qiyoslov xulosasiga ko‘ra suv hisoblagichi yaroqsiz deb topilgani ma’lum bo‘ldi. Ammo hisoblagich bilan bog‘liq muammo o‘z vaqtida hal etilmagan.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil
20-avgustdagi 698-son qaror 3-ilovasiga asosan jismoniy shaxslar tomonidan suv hisoblagichni yechish, davriy qiyoslovdan o‘tkazish va suv hisoblagich uskunasini o‘rnatish bo‘yicha iste’molchilar tomonidan yuborilgan arizalarni reglamentda belgilangan muddatlarda bajarishi hamda qiyoslov laboratoriyasi tomonidan hisoblagich davriy qiyoslovdan o‘tkazilganda yaroqsiz deb xulosa taqdim etilgan holatda suv hisoblagich uskunasini yangisiga almashtirish xarajatlari ta’minotchi tomonidan qoplanishi belgilangan.
O‘rganish natijalariga ko‘ra, iste’molchi xonadoniga qiyoslov xulosa asosida xizmat ko‘rsatuvchi MChJ tomonidan yangi suv hisoblagich o‘rnatilib, 1985-raqam bilan tamg‘alandi. Hatto, ushbu xonadonga tegishli hisob raqamida 271 154 so‘m haqdorlik mavjudligi ham aniqlandi.